2021-yil mart oyida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va’da qilib firibgarlik sodir etgani uchun 8 yilga qamalgan Avto 60 oy asoschisi Jamshid Bahodirov ozodlikka chiqdi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, Avto 60 oy MCHJ ta’sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va’da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgan, 16 mingdan ortiq mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ilgan.

2021-yil 29-mart kuni Bahodirov 8 yil, kompaniyaning boshqa mansabdor shaxslari esa 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

Bugungi kunga qadar 34,15 milliard so‘m undirilgan, 23,26 milliard so‘mlik zarar yopilmagan. Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, ozodlikka chiqqan Bohodirov fuqarolarga “arzon va qulay shartlarda avtomobil hamda kvartiralar olib berish xizmat”larini taklif qilib, yuzlab odamlar bilan shartnoma tuzishda ishtirok etgan.

Oliy sud izohi

“Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra, Oliy sud matbuot xizmati Bahodirovning ozodlikka chiqarilishiga izoh berdi. Qayd etilishicha, jinoyat ishi birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyatsiya yoki protest keltirilmagani uchun apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilmagan.

“J.Bahodirov sud hukmi bilan tayinlangan jazoning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini o‘tagani sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2021-yil 8-noyabrdagi ajrimi bilan o‘talmay qolgan 5 yil 11 oy 7 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash uchun Jinoyat-ijroiya kodeksining 113-moddasiga asosan manzil-koloniyaga o‘tkazilgan va 2021-yil 12-noyabrdan boshlab, mahkum 43-son manzil-koloniyada jazoni o‘tab kelgan”, — deya qayd etdi Oliy sud.

Eslatib o‘tamiz, Bahodirovga nisbatan jinoyat ishi 2019-yil 12-oktabrda qo‘zg‘atilgan, tergov va sud ishi davomida u hibsda bo‘lgan, shuning uchun unga tayinlangan 8 yildan hibsda o‘tirgan vaqti chegirib tashlangan.

43-son manzil-koloniyasi tomonidan 2022-yil 13-iyun kuni berilgan tavsifnomada, mahkum J. Bahodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 74-moddasini qo‘llash tayinlangan jazoning uchdan bir qismi o‘talganidan keyin, 2022-yil 15-iyun kuniga to‘g‘ri kelishi, u o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, mehnatga halol munosabatda bo‘lganligi hamda jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga o‘tganligi ko‘rsatilib, ijobiy tavsiflangan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasiga asosan mahkumning advokati tomonidan berilgan iltimosnoma jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudining 2022-yil 21-iyun kungi ajrimi bilan qanoatlantirilib, shu vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 74-moddasi 3-qismi “b” bandiga asosan J. Bahodirovga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan 5 yil 3 oy 24 kun muddati shu muddatga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Sud mahkum J. Bahodirovning og‘ir jinoyat uchun 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, ushbu jazoning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i, ya’ni 2 yil 8 oy 6 kunini o‘taganligi hamda manzil-koloniya ma’muriyati tomonidan birilgan tavsifnoma inobatga olib, advokat tomonidan berilgan iltimosnoma qanoatlantirilgan. Ajrim ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilmagan.