Adliya vazirligi atrof-muhit, aholi salomatligini zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar ta’siridan muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Respublikada zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar bilan bog‘liq murojaatlar statistikasi yuritilmasa-da, so‘nggi paytlarda aholi yashash hududlarida zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar atrof-muhitga ko‘p chiqarilayotgani, bu maishiy turmushda turli noqulayliklar, hatto aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sirlarni yuzaga keltirayotgani haqida fuqarolarning shikoyatlari ko‘paymoqda, deya qayd etgan vazirlik.

Bugungi kunda O‘zbekistonda zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish masalalarini kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas.

Amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlarida ayrim shovqinlarga oid normalar belgilangan. Biroq yorug‘lik shovqinlari va hidlar bo‘yicha sanitariya qoidalari va me’yorlari mavjud emas. Masalan, sanitariya qoidalari va me’yorlarida elektron displeyli (LED, OLED, 3D) tashqi reklama obyektlarining yorug‘lik me’yorlari belgilanmagan hamda undagi yorqin ranglarning inson sog‘ligiga salbiy ta’siri, namoyish etish davriyligi bo‘yicha normativlar keltirilmagan.

Adliya vazirligining qayd etishicha, davlat organlarining zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarga qarshi kurashish hamda ularning oldini olish sohasidagi vazifalarida aniq chegaralar belgilanmagani mazkur sohani tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Loyiha zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarni atrof-muhitga, aholi salomatligiga bevosita zarar yetkazuvchi zararli manbalar deb e’tirof etishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, tungi vaqt deb soat 23:00 dan soat 6:00 ga qadar bo‘lgan muddatni (hozirda tungi vaqt bo‘yicha yagona tushuncha mavjud emas), shovqinsiz davr etib ish kunlarida soat 23:00 dan soat 7:00 ga qadar hamda dam olish va bayram kunlarida soat 21:00 dan soat 8:00 qadar bo‘lgan vaqtni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tungi vaqt va shovqinsiz davr mobaynida qator taqiqlarni joriy etish taklif qilinmoqda. Xususan, quyidagilar taqiqlanadi:

  • turar joylar va aholi punktlarida tashqi va ichki manbalardan ruxsat etilgan shovqin darajasidan ortiq shovqinlarni hosil qilish, shuningdek ruxsat etilgan shovqin darajasiga muvofiq, lekin aholiga sezilarli notinchlik tug‘diruvchi doimiy bo‘lgan yoki doimiy bo‘lmagan shovqinlarni chiqarish;
  • aholi punktlari va joylashtirish vositalarida daraxt kesuvchi, maysa va o‘tlarni o‘ruvchi, avtomototransport vositalari hamda boshqa jismlarni avtomatik ravishda yuvuvchi elektr va benzin dvigatellar yordamida ishlaydigan moslamalardan foydalanish;
  • aholi punktlarida avtomototransport vositalari, shu jumladan, tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar yoqilgan transport vositalari tomonidan tovush chiqarish moslamalaridan foydalanish;
  • aholi punktlarida ochiq osmon ostida ko‘ngilochar-tomosha tadbirlarini (musiqiy, konsert, sport, reklama va boshqalar) o‘tkazish;
  • yakka tartibdagi uy-joy va ko‘p kvartirali uylarda qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, bundan avariya holatlarini bartaraf etish hollari mustasno (elektr, gaz, issiqlik hamda ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga xavf-xatar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa favqulodda holatlar);

Bundan tashqari, loyiha doirasida “Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar yagona geoaxborot portali” tizimini yaratish hamda mas’ul xodimlarni tizimdan foydalanish bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan.

Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida vazirlik bino va inshootlarni qurish, ta’mirlash va buzish ishlarida chang chiqishi va atrof-muhitga tarqalishining oldini olish imkonini beradigan zamonaviy suv purkaydigan (mikroklimat) texnologiyalarini joriy etishni ham taklif etgan.

2022-yil yanvar oyida Adliya vazirligi shovqinga qarshi takliflar ishlab chiqqandi. Shuningdek, avtomobil yo‘llarida ovoz balandligini o‘lchash asboblarini o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganishni ham taklif qilingandi.