Rossiyalik taniqli urbanist Arkadiy Gershman o‘zining Telegram kanalida Samarqand shahri markazida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich tunneli haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Urbanist bu qurilishni “barchaning hayotini buzadigan yomon loyiha” deb atadi.

Ma’lumot o‘rnida, “Gazeta.uz” avvalroq Samarqand shahri markazida 2 ta yo‘l o‘tkazgich tunneli qurilishiga tayyorgarlik boshlangani haqida xabar bergandi. Shuningdek, biz “[NO]Qulay shahar” loyihasi doirasida mazkur qurilishlar rejalashtirilgan chorrahalardan biriga borib, urbanist Iskandar Soliyev bilan Samarqand shahriga yo‘l o‘tkazgichlar qanchalik kerakligi haqida suhbatlashganmiz. Urbanist bu obyektlar shahar uchun zararli va keraksiz ekanini ta’kidlagandi.

Gershmanning aytishicha, bu loyiha yaxshi niyat bilan qilinayotgan yomon ish hisoblanadi va bo‘yinga qarz sirtmog‘i ilish sanaladi.

“Ikkita juda keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalar mavjud: har qanday yangi qurilish yaxshi; tirbandliklarni bartaraf etish uchun faqat svetoforni olib tashlash va yo‘l o‘tkazgich qurish kerak. Shahar tashqarisidagi yo‘llarda yo‘l o‘tkazgichlar haqiqatan ham yordam beradi, lekin biz ko‘chalar haqida gapiradigan bo‘lsak, yo‘l o‘tkazgich tirbandlikni 100 metr nariga surib qo‘yadi, xolos, [buning ustiga] atrofdagi hamma uchun qulay muhitni o‘ldiradi, odamlar yo‘l chetida yashashga majbur bo‘ladi. Matematiklar va transport sohasi mutaxassislari o‘tgan asrdayoq yangi yo‘llar va oddiy chorrahalar o‘rniga qurilgan yo‘l o‘tkazgichlar faqat ko‘chada avtomobillar sonining ko‘payishi va yangi tirbandliklarga sabab bo‘lishini isbotlagan, shuning uchun aqlli shaharlar anchadan beri bunday amaliyotdan foydalanmaydi. Ular buning o‘rniga pulni jamoat transporti, piyoda va velosiped infratuzilmasiga sarflaydi. Bu — bazaviy tushuncha”, — deb yozgan Arkadiy Gershman.

аркадий гершман, самарқанд, tunnel

“Samarqandda shahar chetidagi yangi hududga aholi yashaydigan uylar orasidan yo‘l qurish va markazdagi ko‘chani yo‘l o‘tkazgichli trassaga aylantirishga qaror qilishdi. Buning uchun allaqachon yangi yo‘laklar qo‘shish maqsadida bir qancha katta daraxtlar kesilgan va tunnellar qurish uchun kommunikatsiyalar ko‘chirilmoqda. Bu yerda shaharni rejalashtirish va dizayn sohasidagi klassik xatolar takrorlanmoqda: avval bo‘sh maydonda turar joylar quramiz, keyingina undan odamlar qanday qilib shaharga kirib-chiqishi haqida o‘ylay boshlaymiz va keng trotuarlarga ega yashnab turgan ko‘chani asfalt trassaga aylantiramiz”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Gershman, detallar haqida gapirilsa, vaziyat yanada yomon ekanini, tunnellar chorrahalarning o‘tkazish qobiliyatini oshirmasligini, yo‘l o‘tkazgich tirbandliklardan qutqarmasligini, faqat yangilarini yaratishini ta’kidlagan va samarqandliklar uchun bu hodisa so‘nggi yillardagi boshqa yo‘l loyihalari orqali tanish ekanini aytgan.

“Olimpiya stadioni yonidagi tunnelga salom”, — deb yozgan Arkadiy Gershman.

“Qizig‘i, hammasi shu bilan tugamaydi, chunki ular bu bema’ni qurilish loyihasini qarzga olingan pul bilan boshlashdi! Respublika ma’muriyati Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasidan 17 yilga 300 mln dollar kredit oldi, mahalliy amaldorlar ham nima uchundir bu loyihaga unchalik qarshilik ko‘rsatmadi. Va bularning barchasi yana o‘sha budjetdan pul ajratib ishlab chiqilgan, shahar ichida trassalar va yo‘l o‘tkazgichlar qurishni nazarda tutmaydigan transport bosh rejasi fonida ro‘y bermoqda. Qolaversa, transport sohasi mutaxassislari bosh rejaga o‘sha yangi hududga tramvay liniyasi qurishni ham kiritishgan, ammo bu qurilish keyinga qoldirilgan… pul yo‘qligi sababli”, — deydi urbanist.

Arkadiy Gershman bu loyiha orqali shahar foizlari bilan to‘lanadigan qarz evaziga o‘ziga muammo yaratayotganini ham qayd etib o‘tgan.

“Oqibatda biz avtomobil haydovchilariga tig‘iz vaqtdagi sharoitni yaxshilamaydigan, tunda ko‘chani poyga yo‘liga aylantiradigan, avtobuslardan tramvayga qulay o‘tishga imkon bermaydigan, shahar markazida yashovchi aholi uchun qulay muhitni o‘ldiradigan, ko‘cha bo‘ylab joylashgan bizneslarning yopilishiga olib keladigan loyihaga ega bo‘ldik. Va bularning barchasi uchun qarzni foizlari bilan to‘lash kerak bo‘ladi! Ushbu qurilishning yagona ijobiy tomoni — tunnellarni qurish uchun ko‘cha ostidagi kommunikatsiyalarni yangilash bo‘lishi mumkin. Ammo aholi bir ko‘chada quvurlar yangilangani tufayli yaxshilanishni sezishi qiyin — kommunikatsiyalarni nuqtali emas, kompleks almashtirish kerak”, — deydi u.

Urbanist muammoni qanday qilib aqlli tarzda hal qilish mumkinligini ham aytgan.

аркадий гершман, самарқанд, tunnel

“Mening hamkasbim Aleksandr Devyatkin tig‘iz soatlarda oqimni hisoblab chiqdi va Rudakiy-Gagarin chorrahasini yanada samaraliroq dizaynda modellashtirdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda tunnel kerak emas: yo‘laklar yo‘nalishlarini va svetofor sikllarini o‘zgartirish orqali bu yerda avtomobillar harakatini yaxshilash mumkin, eng muhimi, shahar chetidagi o‘sha yangi hududga tezyurar avtobus liniyasini o‘tkazish uchun joy bor! Hatto yangi daraxtlar uchun ham joy qoladi. Bu hozirgi yo‘lning chegaralarida hech qanday almashishsiz hamma uchun yaxshilik qilish mumkin bo‘lgan kamdan-kam holatlardir! Ammo, aftidan, amaldorlarga aholi uchun hayotni haqiqatda yaxshilashdan ko‘ra qurilishdan pul topish qiziqroq ko‘rinadi”, — deb yozgan u.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” tunnellar qurilishi yuzasidan aholi va biznes fikrlarini ham o‘rgangan. Biz murojaat qilgan fuqarolarning ko‘pi bu qurilishlardan norozi ekanini ta’kidlagan, lekin kamera oldida gapirishni istamagandi.