28-oktabr kuni ertalab Toshkent shahri Shayhontohur tumani Beruniy ko‘chasidagi Ecobozor majmuasida yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu haqda boshqarmaga soat 06:58 da xabar kelib tushganini ma’lum qildi.

Shunga ko‘ra 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 07:04 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in 15 daqiqada o‘rab olinib, 07:26 da hodisa bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida savdo majmuasining 80 kv.m tashqi devor qoplamasi qismi va shu joydagi kafening 70 kv.m maydonida ichki va tom qismi yonib zararlangani aytilmoqda.

Savdo majmuasining 7000 kv.m maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan yoki halok bo‘lmagan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.