Toshkent shahri markazida tirbandliklarga sabab bo‘layotgan Nukus va Bobur ko‘chalaridagi ta’mirlash ishlari 2−3-noyabr kunlari tugatiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, ishlar doirasida asfalt qoplamasini yangi texnologiyalar asosida yangilash, yangi yo‘l usti belgilarini chizish, hududga qo‘shimcha daraxt va butalar ekilishi ko‘zda tutilgan.

“Bo‘lib o‘tayotgan keng ko‘lamli yo‘l ta’mirlash ishlari aholi noroziligiga, tirbandliklarga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, yog‘ingarchiliklar sababli hamda kunduzgi tirbandliklarni biroz kamaytirish maqsadida ishlar asosan tungi soatlarda amalga oshirilmoqda. Bu vaziyat uchun shahrimiz aholisi va mehmonlaridan uzr so‘raymiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Avvalroq haftaning boshida poytaxtdagi markaziy ko‘chalarda katta tirbandliklar hosil bo‘lgandi. Kunning tig‘iz vaqtida “Yandeks xarita” 10 ballni — tirbandlikning maksimal darajasini ko‘rsatdi.

Xususan, Alisher Navoiy, Labzak, Sag‘bon, Saqichmon, Mehrjon, Kichik halqa yo‘li, 8-mart, Shota Rustaveli, Bobur, Oybek, Arnasoy, Istiqbol, Muqimiy-Nukus hamda Nurafshon aylanma ko‘chalari orqali harakatlanuvchi 70 dan ortiq avtobus yo‘nalishlarida kuning tig‘iz paytida qatnov vaqti hamda oraliq interval vaqtlariga rioya etish imkoni bo‘lmagan.

Dushanba kuni ertalab “Gazeta.uz” muharriri Sabina Bakayeva ham yo‘lovchi sifatida ketayotgan 80-sonli avtobus Nukus ko‘chasida YTHga uchragandi.

“Dushanba kuni ertalab bu yerda ta’mirlash ishlari kuchaytirildi. Avvalgi kunlarda ko‘chaning bir qismi to‘sib qo‘yilgan va bu hududlarda transport harakati uning bir tomoni bo‘ylab olib borilayotgandi. Bugun ertalab to‘sib qo‘yilgan hududlarning uzunligi ikki baravar oshdi. Hech kim fuqarolarni bu haqda ogohlantirmagan, jamoat transporti harakati haqida esa o‘ylanmagan. Bunga Bobur ko‘chasidagi ta’mirlash ishlarini, ko‘prikning aeroportga tomon kengayishi tufayli Kichik halqa avtomobil yo‘lida va Nukus ko‘chasiga olib boruvchi bir nechta kichik ko‘chalarda hosil bo‘lgan tirbandlikni qo‘shish mumkin”, — dedi u.

Bobur va Nukus ko‘chalarida to‘satdan ta’mirlash ishlari olib borilayotganini chet ellik siyosatchilarning yaqin oradagi tashrifi bilan izohlash mumkin.