Shavkat Mirziyoyev huzurida 26-oktabr kuni energetika bozori regulyatori faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, rivojlanayotgan iqtisodiyot va aholining o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun elektr ishlab chiqarish hajmini kamida 120 milliard kilovatt soatga yetkazish maqsad qilingan. Yangi quvvatlarni ishga tushirish va tarmoqlarni to‘liq modernizatsiyalashga 52 milliard dollar investitsiya zarurligi hisob-kitob qilingan.

Prezidentning shu yil 28-sentabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.

Shu bilan birga, normativ-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini eng quyi bo‘g‘iniga qadar raqamlashtirish, inson omilisiz real vaqtda ishlaydigan aqlli boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarur.

Farmonga muvofiq, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tuzildi hamda unga energoregulyator vazifasi yuklatildi.

Taqdimotda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari va sohadagi rejalar haqida axborot berdi.

Shuningdek, yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024-yil yakuniga qadar uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident energetika bozorini erkinlashtirish jarayonida elektr energiyasini aholiga respublikaning barcha hududlarida 2035-yilga qadar bir xil narxda sotilishi talabiga hamda tariflarni belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qat’iy rioya etish shartligini ta’kidladi.

Yangi tizim samarali ishlashi uchun uchta yo‘nalish — kadrlar tayyorlash, tarmoqning ilm-fan bilan uzviyligini ta’minlash va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Bunday kompleks ishlash tartibini markazdan tortib hududlargacha tatbiq etish topshirildi.

Shu bois agentlikka bilimli mutaxassis va xorijiy konsultantlar ishga olinadi. Xodimlar Ispaniya, Xitoy, Turkiya va Germaniyaga malaka oshirishga yuboriladi. Xorijiy tajriba asosida yurtimizda ham muhandis, dispetcher, SCADA operatori va boshqa mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil qilinadi.