Ijtimoiy tarmoqlarda Weltmeister elektromobili katta tezlikda Hyundai avtomobiliga urilib, so‘ng yana 4 ta mashina bilan to‘qnashgani aks etgan video tarqaldi.

Videolavhada orqaga qarab harakatlanayotgan Hyundai mashinasiga katta tezlikda kelgan elektromobil urilganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng bu to‘qshanuv oqibatida yana bir nechta to‘xtab turgan avtomobilga shikast yetgan.

Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasining “Gazeta.uz” so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, voqea 31-mart kuni soat taxminan 01:30 da Mirobod tumani Gospitalniy ko‘chasida sodir bo‘lgan. Weltmeister avtomashinasini 53 yoshli M.G. ismli ayol boshqargan.

Hyundai bilan sodir bo‘lgan YTH oqibatida Weltmeister mashinasi, shuningdek, Lacetti, Spark, Damas va “VAZ-2106” avtomobillari bilan ham to‘qnashgan.

Hodisa oqibatida Weltmeister elektromobili haydovchisi va yo‘lovchisi hamda Hyundai avtomobili haydovchisi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.