Dunyo bo‘ylab qochqinlar soni 114 milliondan oshdi. Ularning aksariyati urush, ta’qiblar, zo‘ravonlik va inson huquqlari buzilishi tufayli uylarini tashlab ketishgan, deya xabar bermoqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi (UNHCR).

2023-yilning birinchi yarmida majburiy ko‘chirilishlarga Ukrainadagi urush, Sudan, Kongo va Myanmadagi mojarolar, Somalidagi qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va xavfsizlikning ta’minlanmagani, shuningdek, Afg‘onistondagi uzoq muddatli gumanitar inqiroz kabi omillar sabab bo‘ldi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yilning birinchi olti oyida dunyo bo‘ylab 1,6 million yangi boshpana so‘rab murojaat qilingan, bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qochqinlarning yarmidan ko‘pi hech qachon xalqaro chegaralarni kesib o‘tmagan.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, majburiy ko‘chirilganlarning to‘rtdan uch qismi past va o‘rta daromadli mamlakatlar tomonidan qabul qilingan.

“Hozirda dunyo diqqati G‘azo sektoridagi gumanitar falokatga qaratilgan. Ammo juda ko‘p mojarolar butun dunyo bo‘ylab tarqalmoqda va avj olmoqda, begunoh odamlarning hayotiga zomin bo‘lmoqda, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur qilmoqda”, — dedi BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi rahbari Filippo Grandi.