Kibermakonda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu haqda 24-oktabr kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, keyingi paytlarda internetdan foydalangan holda bir qator shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarini zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari ro‘y bermoqda.

Kibermakonda shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini maxsus dasturlar yordamida soxtalashtirish (dipfeyk) holatlari ham uchrab turibdi. Bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda va 165-modda (Tovlamachilik) dispozitsiyasi “sharmanda qiladigan uydirmalar” so‘zlari bilan to‘ldirilmoqda, deyiladi Senat xabarida.

Shuningdek, kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi, jumladan, noqonuniy mayning faoliyati uchun Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

2022-yil yozida IIV Kiberxavfizlik markazi rahbari so‘nggi uch yilda kiberjinoyatlar soni 8,3 baravarga ortib ketganini ma’lum qilgandi.

Xususan, Toshkentda fuqarolarning bank kartalaridagi pullarini aldov yo‘llari bilan o‘zlashtirish holatlari keskin oshgan. 2022-yilda bunday kiberjinoyatlar oqibatida toshkentliklar kamida 45,2 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Bu pullarning bor-yo‘g‘i 9,2 mlrd so‘mga yaqini undirib berilgan.