O‘zbekistonda bolalar adabiyoti, yumshoq qilib aytganda, sust rivojlangan, ochig‘ini aytganda esa — rivojlanmagan. Mamlakatda, ming afsuski, bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarga doir alohida statistik ma’lumotlar yo‘q — bu ish bilan hech kim shug‘ullanmaydi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda 1100 nomda jami 2,1 mln nusxa kitob va broshyuralar chop etilgan. Bu davrda mamlakatda 19 yoshgacha bo‘lgan 13,1 mln nafar aholi bor edi — ya’ni har bir o‘zbekistonlik yigit-qizga 0,15 dona (bitta ham emas!) kitob. Agar bu kitoblar ichidan bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallanganlari alohida ajratib olinadigan bo‘lsa, nisbat yanada kamayishi turgan gap. Taqqoslash uchun, AQShda 2022-yilda 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 72,5 mln edi, mamlakatda esa 250, 8 mln nusxadan ko‘proq bolalar kitobi sotilgan — ya’ni har bir amerikalik bola va o‘smirga salkam 3,5 tadan kitob to‘g‘ri kelgan.

Shunday bo‘lsa-da, bugun O‘zbekistonda bolalar adabiyoti uchun hech narsa qilinmayapti degan xulosa qilish yaramaydi. O‘zbekiston 2022-yili Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi (IBBY)ga a’zo bo‘ldi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakat 2030-yilgacha 100 jildlik “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari"ni o‘zbek tilida nashr qilish, har yili bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitob yaratish kabi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan. 2023-yilda Toshkentdagi Respublika bolalar kutubxonasi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Bolalar kitobxonligiga bag‘ishlangan tadbirlar ham, umuman olganda, avvalgidan ko‘proq. Bularning bari kitobxonlikka befarq bo‘lmagan kishilarni, shubhasiz, quvontiradi. Ammo kitobxonlik didi shakllanishi uchun sanab o‘tilgan sa’y-harakatlarning o‘zigina yetarli emas.

Respublika bolalar kutubxonasida. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Respublika bolalar kutubxonasida. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

O‘zbekistonda bolalar adabiyotini nashr qilish ishlari maqsadga muvofiq darajada rivojlanmagani tufayli aksariyat o‘zbekistonlik bolalar va ularning ota-onalarida bolalar adabiyoti bo‘yicha did ko‘ngildagidek shakllanmagan. Did shakllanishi uchun bolalar adabiyoti ko‘p va sifatli bo‘lishi, bundan tashqari, jahon bolalar adabiyotining yangi namunalari doimiy ravishda aholi qo‘liga yetkazib turilishi kerak. Kitob nashri kuchayib, bozorda taklif ko‘paygach, farzandiga kitob olib bermoqchi bo‘lgan ota-onalarga ma’lum darajada yordam zarur. Bu yordam, xususan, tavsiyaviy ro‘yxatlar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Bunday ro‘yxatlarni tayyorlashda esa tanlovlarning o‘rni beqiyos.

Nega tanlovlar va tavsiyaviy ro‘yxatlar muhim ahamiyatga ega? Avvalo, tanlovlar kitoblarning sifatlisini saralab olish imkonini beradigan samarali vosita hisoblanadi. Tanlovlar adabiyotdagi, kitob bozoridagi trend va istiqbollarni, shuningdek, kamchiliklarni ko‘rsatib beradi. Shuningdek, tanlov sabab u yoki bu kitobga jamoatchilik, xususan, media e’tibori qaratiladi. Buning natijasida kitob sotuvi jadallashishi, nashriyotlar tomonidan yangi kitoblarni ko‘proq chop etish uchun imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘p kitob sotilishi uchun targ‘ibot zarur, tanlov va tavsiya ro‘yxatlari esa ana shu targ‘ibotning bir ko‘rinishidir (axir aynan targ‘ibot va marketingning kuchi bilan aholi aslida o‘ziga zararli bo‘lgan gazlangan shirin ichimliklarni tonnalab sotib oladi). Shunday qilib, kitoblar (xususan, tanlovlar va tavsiya ro‘yxatlari orqali ham) qancha ko‘p targ‘ib qilinsa, nashriyotlar shuncha ko‘p kitob sotadi, nashriyotlar faoliyati o‘sgani, kengaygani sari kitobxonlik ham rivojlanadi, kitob mutolaa qiluvchi qatlam kengayadi. Zotan tanlovlarning bosh maqsadi u yoki bu kitobni ma’lum bir toifada “eng yaxshi” deb konkret belgilash emas, balki ma’lum bir hikoya yo muallifning xizmatlarini kengroq auditoriyaga yoyishdir.

Hozir O‘zbekistonda e’tiborga molik yoki nufuzli kitob ro‘yxatlari umuman yo‘q, deb bo‘lmaydi. Masalan, “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun mutolaa qilinishi tavsiya etiladigan kitoblar ro‘yxati tuzilgan. Lekin u yerda maktabgacha yoshdagi bolalar uchun biror-bir kitob yo‘q — nega bundayligi ham tushunarli, chunki tanlovda maktabgacha yoshdagi bolalar qatnashmaydi. Ammo kitobxonlik maktab yoshidan emas, balki go‘daklik davridan boshlab shakllanadi. Aynan miya jadal rivojlanayotgan davrda shakllangan kitobxonlik kelgusida ko‘p va yaxshi samara berishiga doir ko‘plab tadqiqotlar bor. Men suhbatlashgan aksariyat o‘zbekistonlik ota-onalar bog‘cha yoshidagi farzandlariga odatda ertak kitoblarni tanlashini aytadi. Albatta, hechdan ko‘ra shunisi ham yaxshi. Ammo ertak ham bolaning kognitiv va psixologik rivojlanishiga munosib bo‘lishi kerak. Masalan, o‘gay ona haqidagi kitob 4 yoshli bola uchun tushunarsiz bo‘lishi, bolaning shakllanmagan psixikasi uchun belgilangan samarani bera olmasligi mumkin.

Kattalar adabiyotidan ko‘ra bolalar adabiyoti tanlovlarga muhtojroq. Nega? Kattalar o‘z ongi rivojlanganligi darajasida kitob tanlay oladi — kimdir Kafkani o‘qigisi kelsa, kimdir Koeloni ma’qul ko‘radi. Shakllanib bo‘lgan bunday didni o‘zgartirish oson emas. Bolalarda bunday emas — ularga ongi va tafakkuri ayni shakllanayotgan davrda to‘g‘ri va kerakli ozuqa berish kerak. Kitob — ana shunday ozuqa, lekin uning ham eng foydalisini bera bilish uchun ota-onalar va pedagoglarga biror-bir tavsiya yo ekspert nuqtai nazari kerak bo‘ladi. Aksariyat ota-onalar yoshligida o‘qigan kitoblarni tavsiya qila olgani bilan, zamonaviy adabiyot, zamonaviy kitoblar bo‘yicha ularning tasavvuri ham chegaralangan bo‘lishi mumkin.

Kitob tanlovlari nafaqat katta, davlat nashriyotlarining kitoblari, balki kichikroq, xususiy nashriyotlar tomonidan chop etilgan, yosh kitobxonlar uchun chindan-da qiziq kitoblar ham jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmasligi, umuman, bolalar kitobxonligi tabiiy rivojlanishi, bolalar adabiyoti bozori shakllanishi uchun ham zarur. Bunday tanlovlar turli idora va tashkilotlar tomonidan, turlicha yondashuvlar bilan tashkil etilsa, haqiqiy raqobat muhiti yuzaga keladi va bundan oxir-oqibat kitobxonlar yutadi.

Foto: Dinara Mo‘minovaFoto: Dinara Mo‘minova

Bolalar adabiyotiga oid tanlovlar yoki tavsiyaviy ro‘yxatlar qanday bo‘lishi mumkin?

Oldindan qayd etish joiz: birinchidan, bu tanlovlar va tavsiya ro‘yxatlari faqat o‘zbekistonlik mualliflarning kitoblari asosida bo‘lishi lozim; ikkinchidan, tanlovda g‘olib bo‘lgan kitoblarning muqovasi yoki sotiladigan joyiga uning g‘olib ekani yoki maxsus tavsiya ro‘yxatiga kiritilgani haqida belgi qo‘yilishi kerak — bunday belgi ota-onalar va pedagoglar uchun mayoq vazifasini bajaradi; uchinchidan, tanlov va ro‘yxatlar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni ham inobatga olishi zarur, chunki chinakam kitobxonlik, yuqorida ham ta’kidlanganidek, aynan bog‘cha yoshidan boshlanadi va bu yoshdagi bolalarga ham turli janrlarga mansub kitoblar kerak, faqat ertaklar emas.

1. Nashriyotlarning tavsiya ro‘yxatlari (nashriyot tomonidan chiqarilgan bolalar adabiyotlari bo‘yicha yil tavsiyalari). Bunda kitoblar ko‘p bo‘lsa, ular janr va yosh kategoriyasi bo‘yicha alohida ajratilishi mumkin. Kitob soni kam bo‘lsa, u holda sotuv darajasi, kitobxonlar tomonidan bo‘layotgan qiziqish, bir kitob ortidan ikkinchi kitob (davomi) so‘ralishi va hokazo omillarga qarab, ro‘yxatni shakllantirish mumkin. Misol uchun, bolalar adabiyotini chop etish bo‘yicha ham katta tajribaga ega bo‘lgan Rossiyadagi “MIF” nashriyoti o‘z saytida bestsellerlar va kitoblarning nashriyot muharrirlari tanlovi bo‘yicha maxsus ro‘yxatlarini berib boradi. Bu kitob izlayotgan ota-onalar va pedagoglar uchun samarali vositadir.

2. Nashriyotlararo tanlov. Bunda bir necha nashriyot kelishib, o‘zlari chop etgan bolalar kitoblari orasida tanlov o‘tkazadi. Chetdan (nashriyotlarga aloqasi yo‘q) ekspertlar jalb qilinib, har bir kitob ovozga qo‘yiladi va g‘olib kitob aniqlanadi. Bunday tanlovlarni hukumat idora va tashkilotlari, biznes tuzilmalar, xususan, banklar ham o‘tkazishi mumkin. Ekspert sifatida esa tajribali kutubxonachilar, pedagoglar, filologlar, kitobxon ota-onalar jalb qilinishi mumkin. Rossiyadagi “Novaya detskaya kniga” (“Yangi bolalar kitobi”) tanlovi bunga misol bo‘la oladi.

3. Kitob do‘konlarining tavsiya ro‘yxatlari. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda jumladan kitob bilan ham savdo qiluvchi elektron savdo maydonchalari, marketpleyslar ko‘paydi va rivojlandi. Mazkur servislar o‘zi sotayotgan bolalar kitoblari orasidan yosh kategoriyasi, janrlar va boshqa turli omillardan kelib chiqib, tavsiya ro‘yxatlarini taqdim etishi va bu ishni ikki xil yo‘l bilan qilishi mumkin. Birinchisi, ular munaqqidlar, muharrirlar, pedagoglar, ota-onalar va boshqa manfaatdorlardan iborat hay’at tuzib, uning tanloviga eng yaxshi kitoblar ro‘yxatini e’lon qilishi mumkin.

Ikkinchisi, bu o‘sha savdo maydonchalari va marketpleyslarning texnologik imkoniyatlari bilan tuziladigan va real vaqt rejimida yangilanib turadigan “eng ko‘p izlangan”, “eng ko‘p sotilgan” (bestseller), “eng ko‘p fikr bildirilgan” (va hokazo) kitoblar ro‘yxatlaridir. Masalan, dunyodagi eng katta onlayn kitob do‘koni hisoblangan Amazon.com saytida taqdim etilgan texnik imkoniyatlar (filtrlar) yordamida har kim o‘zi istagan janrga oid kitobni yosh kategoriyasiga qarab saralab olishi mumkin. Saralash jarayonida sayt algoritmi aynan eng ko‘p izohga ega va mushtariylar tomonidan eng ko‘p ball olgan kitoblarni birinchi galda (eng yuqorida) tavsiya qiladi.

4. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tanlovi. Bunda vazirlik mas’ullari va ekspertlari mamlakatda yil davomida nashr etilgan barcha bolalar adabiyotlari orasidan eng yaxshilarini tanlab, buni vazirlik tanlovi sifatida taqdim etishi mumkin. Ota-onalar vazirlik saytiga kirib, ushbu ro‘yxat bilan osongina tanisha olishi kerak. Masalan, Janubiy Koreyada kitob do‘konlari yoki kutubxonalarda kitob tanlayotganingizda, ayrimlarida “Vazirlik tavsiyasi” degan belgini ko‘rish mumkin. Bu belgi qo‘lingizdagi kitob bola rivojlanishi uchun haqiqatan ham foydali ekanligi vazirlik tomonidan ham tasdiqlanganini anglatadi.

5. Kutubxonalar tanlovi va tavsiya ro‘yxatlari. Har bir katta va kichik kutubxona o‘quvchilar yil davomida qaysi kitoblarni eng ko‘p so‘raganidan kelib chiqib, yosh kategoriyasi bo‘yicha yil kitoblarini aniqlashi kerak. Va bu kitoblar (yoki ularning nomlari yozilgan ro‘yxat) kutubxonaning hammaga ko‘rinarli joyida ma’lum muddat (shuningdek, Janubiy Koreyadagidek — kutubxona saytida doimiy) turishi kerak. Kutubxonalarning tavsiya ro‘yxatlari doimiy yangilab turilishi, buning uchun doimiy o‘rganish (tadqiqot) olib borilishi kerak.

6. Uyushmalar tanlovi. Bunda ta’limga aloqador har qanday uyushma tomonidan bolalar adabiyotining eng yaxshi namunalarini aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkazadi va uning yakunlari tavsiyaviy ro‘yxat sifatida e’lon qilinadi. Misol uchun, Janubiy Koreya Bolalar adabiyoti va ta’limi jamiyati muntazam ravishda tavsiya ro‘yxatlarini shakllantirib boradi.

7. Ota-onalar tanlovi. Mazkur tanlovni farzandi maktab va bog‘chaga qatnaydigan, kutubxonaga kelib turadigan ota-onalar o‘rtasida, ularga so‘rovnomalar yuborgan holda amalga oshirish mumkin. Masalan, AQShda katta nashriyot uylari ota-onalar orasida so‘rovnomalar o‘tkazib, “Ota-onalar tanlovi” nomli tavsiyaviy ro‘yxatlar tuzadi va jamoatchilikka taqdim etadi.

8. Davlat tanlovlari. Bunda bir vaqtning o‘zida bir nechta tanlov tashkillashtirish mumkin — ular taniqli bolalar yozuvchilarining nomlari bilan atalib, har bir tanlovning maqsadi turlicha bo‘lishi kerak. Misol uchun, biri eng yaxshi nasriy, boshqasi nazmiy asarni aniqlasin, yana bir tanlov bolalar adabiyoti rivoji uchun qo‘shilayotgan hissani, boshqasi ta’limga ko‘rsatilayotgan ta’sirni e’tirof etsin va hokazo. Bunday tanlovlarga ko‘plab misollar keltirish mumkin — Hans Kristian Andersen mukofoti, Kaldekott medali, Nyuberi medali, Korney Chukovskiy nomidagi tanlov, Samiul Marshak nomidagi adabiy mukofot va boshqalar.

Kitob muqovasiga uning u yoki bu tanlov g‘olibi ekani haqida belgi (tamg‘a) qo‘yilgan. Foto: Dinara Mo‘minovaKitob muqovasiga uning u yoki bu tanlov g‘olibi ekani haqida belgi (tamg‘a) qo‘yilgan. Foto: Dinara Mo‘minova

9. Pedagog-o‘qituvchilar tanlovi. Bunda maktabgacha va maktab ta’limi pedagoglari bolalar adabiyotlari orasidan o‘quv jarayonida eng samarali vosita bo‘la oladigan kitoblarni tanlaydi. Buning uchun biror-bir axborot tizimiga pedagoglar tomonidan ularga yoqqan kitob nomlari kiritilib, yig‘ib borilishi kerak. Yil davomida eng ko‘p qayd etilgan kitob yakunda g‘olib deb topiladi. Misol uchun, Janubiy Koreya maktablarida ota-onalarga bolaning yoshiga mos kitoblar muntazam tavsiya qilib boriladi. Tavsiyalar markazlashgan (masalan, “Kundalik"ga o‘xshash) axborot tizimi orqali har bir ota-onaga yetkaziladi.

10. Kitob va ta’lim blogerlarining tavsiyaviy ro‘yxatlari. Bugun O‘zbekistonda bukbloging ham rivojlanmoqda, bukblogerlar ko‘paymoqda, ular orasida ixtisoslashayotganlar ham yo‘q emas. Bolalar adabiyotini chuqur o‘rganuvchi blogerlar jamiyat uchun juda muhim. Yangi chop etilayotgan bolalar kitoblari haqida muntazam o‘z fikri, taqrizlarini berib boruvchi blogerlar ota-onalarning kitob didi shakllanishiga yaxshigina ta’sir ko‘rsata oladi va ularning yaxshi kitoblarni tanlashiga yordam berishi mumkin. Har bir bloger o‘zi yoki bir necha bloger uyushib, har oy, fasl yo yil yakunida yangi chop etilgan bolalar kitoblari orasidan o‘z talqinlariga ko‘ra eng yaxshilarni e’lon qilishi mumkin (masalan, YouTube’dagi Little Book Owl’ni misol qilib ko‘rsatish mumkin — u, asosan, o‘smirlar uchun mo‘ljallangan kitoblarni tavsiya qiladi, muntazam o‘z tavsiya ro‘yxatlarini tuzib boradi).

Muallif haqida: Dinara Mo‘minova — maktabgacha yoshdagi bolalarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha mutaxassis. Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). Bolalar uchun mo‘ljallangan “Ajoyib kaktus”, “Sumalakning sehrli toshi”, “Navro‘z ranglari”, “Tug‘ilgan kunimga sovg‘a”, “Eng zo‘r chumoli”, “Nega yulduz tushmaydi?”, “Tomchi qayerga ketdi?”, “Quyoshning sirli botishi”, “Moyqalamning sehrini izlab”, “Mening alifbe kitobim” rasmli kitoblari muallifi. “Quyoshning sirli botishi” kitobi 2022-yili O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘tkazilgan “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovida sovrindor bo‘lgan. “Sumalakning sehrli toshi” kitobi esa X-Open Eurasia (Buyuk Britaniya) xalqaro tanlovi finaliga chiqqan. Janubiy Koreya, Ispaniya, O‘zbekiston maktabgacha ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida o‘qituvchi va kutubxonachi sifatida tajribaga ega. Ayni vaqtda Nordik xalqaro universitetida “Bolalar adabiyoti” fanidan dars beradi va ilmiy ish olib boradi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.