Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida “HAMASning [Isroilga] hujumi yo‘q joydan paydo bo‘lmaganini tan olish muhim”, deya ta’kidladi. Guterrishning nutqi Isroil rasmiylarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi, jumladan, uning BMT bosh kotibligidan iste’foga chiqishi kerakligi aytildi, deya xabar bermoqda The Times of Israel.

“Bolalar, ayollar va qariyalarning qirg‘in qilinishiga „tushunish“ bilan yondashuvchi bosh kotib BMTni boshqarishga yaramaydi. Men uni zudlik bilan iste’foga chiqishga chaqiraman”, deb yozdi Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan X tarmog‘ida (sobiq Twitter). “Ta’rifga so‘z yo‘q”, — deb qo‘shimcha qilgan u.

Guterrishning bunday bayonotidan keyin Isroil BMT vakillariga viza bermasligini ma’lum qildi. Erdanning so‘zlariga ko‘ra, BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffitsning Isroilga kirish bo‘yicha so‘rovi allaqachon rad etilgan. “Ularga dars berib qo‘yish vaqti keldi”, — degan Isroilning BMTdagi doimiy vakili.

BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Guterrish yuqoridagi fikridan keyin uni yumshatishga harakat qilgan. “Falastin xalqining norozilik kayfiyati HAMASning dahshatli hujumlarini oqlay olmaydi. Dahshatli hujumlar Falastin xalqining jamoaviy jazolanishini oqlay olmaydi”, — deb yozdi BMT bosh kotibi.

Eslatib o‘tamiz, 7-oktabr kuni HAMAS Isroil hududiga minglab raketalarni uchirdi va G‘azo sektori yaqinida joylashgan aholi punktlariga hujum qilib, odamlarni garovga oldi. Bunga javoban Isroil G‘azo sektoriga zarba berib, quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Ayni vaqtgacha Isroil rasmiylariga ko‘ra, HAMAS hujumi oqibatida 1,4 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Falastin ma’muriyati G‘azoga qilingan hujumlarda 5 mingdan ortiq odam halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish HAMAS hujumidan keyin Yaqin Sharqqa kelgandi. U, xususan, G‘azo sektori va Misr chegarasidagi Rafiax nazorat-o‘tkazish punktiga tashrif buyurgan va Qohira Tinchlik sammitida ishtirok etgan. O‘shanda Guterrish zudlik bilan G‘azoga gumanitar yordam yetkazish, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgandi.