O‘zbekiston Markaziy banki mikroqarzlar limitini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Regulyator jismoniy shaxslarga beriladigan mikroqarzlarning maksimal miqdorini 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirishni taklif qilmoqda. Oxirgi marta bu miqdor 2019-yilda oshirilgandi — bungacha mikroqarzlar eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha (hozirgi kurs bo‘yicha bu 33 mln so‘m) ajratilardi.

Markaziy bankning qayd etishicha, bugungi kunda aholining mikromoliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabi oshib borayotgani ularning mazkur xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun shart-sharoitlarni qulaylashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Regulyator limitning 100 mln so‘mga oshirilishi natijasida aholining faol qismi mikromoliya xizmatlaridan foydalangan holda o‘zini o‘zi band qilishi yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, tadbirkor bo‘lishini kutmoqda.

Qonun loyihasining qo‘shimcha qilingan tahliliy materialda xorijiy davlatlar tajribasi sanab o‘tilgan. Rossiyada mikroqarzning maksimal miqdori jismoniy shaxslar uchun 500 ming rubl (61 million so‘m), yuridik shaxslar uchun esa 5 mln rubl (610 mln so‘m)ni tashkil etadi. Qozog‘istonda lombardlar jismoniy shaxslarga har bir qarz oluvchi uchun oylik hisob-kitob ko‘rsatkichining 8 ming baravarigacha (717 mln so‘m) miqdorda, mikromoliya tashkilotlari esa jismoniy va yuridik shaxslarga oylik hisob-kitob ko‘rsatkichining 20 ming baravarigacha (1,79 mlrd so‘m) miqdorida garov evaziga mikrokreditlar beradi.

Belarusda mikromoliya tashkilotlari uchun summa bazaviy miqdorning 15 ming baravari (2,65 mlrd so‘m), Gruziyada — 50 ming lari (230 mln so‘m), Ruminiyada — 25 ming yevro (330 mln so‘m)ni tashkil etadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 169 ta nobank kredit tashkiloti, jumladan, 85 ta mikromoliya tashkiloti va 84 ta lombard faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning olti oyida ular tomonidan 3,35 trln so‘mlik (mikrokredit tashkilotlari — 2,56 trln so‘m, lombardlar — 794 mlrd so‘m) xizmatlar ko‘rsatildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 58 foiz yoki 1,22 trln so‘mga ko‘p hisoblanadi. Bu davrda banklar tomonidan 12,9 trln so‘m miqdoridagi mikrokreditlar ajratilgandi.

E’tiborlisi, hujjat Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-avgustdagi (336-son) qarorining 4-bandi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan va u qaror jamoatchilik uchun ochiq emas. Ya’ni “xizmat doirasida foydalanish uchun” (XDFU) shaklida qabul qilingan.

Moliyachi Otabek Bakirov loyihada boshqa davlatlar tajribasi keltirilgani, biroq Qozog‘iston, Gruziya va Ruminiyadagi aholi daromadlari O‘zbekistonnikidan 3−8 barobar yuqori ekanini ta’kidladi.

“Nega bizdan karrasiga boy davlatlar limitlarini qabul qilishimiz kerak? Nega masalan O‘zbekiston kabi qashshoq Qirg‘iziston, Bangladesh yo Moldova realliklari misol keltirilmagan?” — deya savol bergan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihada muammoli mikroqarzlar dinamikasi va foiz stavkalari (NPL) bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar keltirilmagan, bu esa limitni oshirish uchun muhim omil bo‘lishi kerak.

“Mikroqarz bank mahsuloti sifatida bozorga chiqarilgan 2018-yildan buyon o‘rtacha ish haqi rasman 2,7 barobarga oshgan. 2018-yilda mikroqarzning eng ko‘p miqdori 22,3 mln so‘m edi. Loyiha ma’qullansa, mikroqarzning eng ko‘p miqdori 2018-yilga nisbatan 4,5 barobarga oshgan bo‘ladi. Boshqacha aytganda, 2018-yilda eng ko‘p mikroqarz summasini 13 ta o‘rtacha oylik bilan yopish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endi 23 ta o‘rtacha oylik bilan yopish mumkin bo‘ladi. Xatar darajasini qanday darajada oshirilayotganini tasavvur etyapsizmi?” — dedi Bakirov.

Moliyachi mikroqarzlar amalda ko‘pincha bank va nobank mahsulotlar orqali yangi qarzlar evaziga qoplanishini qo‘shimcha qilgan.