Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 so‘m, Namanganda qariyb 3000 so‘mni, Samarqand va Navoiyda 2600 so‘mni tashkil qiladi. Suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika bo‘yicha o‘rtacha 27 foiz. Lekin Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich yuqori.

Yig‘ilish davomida korxona, tashkilot va aholi xonadonlarida quyosh panellari o‘rnatilayotganiga qaramay yiliga 880 million kilovatt-soat elektr iste’mol qiladigan suv ta’minoti korxonalarining bu boradagi ishi sezilarli emasligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qo‘ydi. Bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini “yashil energiya”ga o‘tkazish ekanini ta’kidladi.

ichimlik suvi, suv narxi, шавкат мирзиёев

Hozirda suv korxonalari 1 kilovatt-soat elektrni 900 so‘mdan sotib olyapti. Quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr narxi esa o‘rtacha 350−400 so‘m, ya’ni 2 barobardan ziyod arzon. Investorlarni jalb qilib, suv inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda quyosh panellari o‘rnatish mumkin.

Prezident, shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarurligini aytdi. Suv bo‘yicha loyihalar qiymatini qayta ko‘rib chiqish, ularda ishlatiladigan materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Sohadagi yangi loyihalar bundan buyon bevosita joylarga chiqib, aholining fikri va roziligi olinganidan keyin mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi belgilandi. Loyihaga qancha mablag‘ ajratilgani, pudratchisi qaysi korxona ekani, qachon ishga tushishi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Shu orqali bu borada ham jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

ichimlik suvi, suv narxi, шавкат мирзиёев

Avvalroq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yil davomida 39 mlrd kub metr suv iste’mol qilingani haqida xabar berilgandin. Shundan 36 foizi yoki 14 mlrd kub metri tuproq o‘zanli kanal va ariqlarda yo‘qolgan, dedi prezident. Yana 5−6 mlrd kub metr suv sug‘orishning eskirgan usullari tufayli yo‘qotilmoqda.

Hozirda 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr sarflanadi. Lekin 80 foiz nasoslar 35−40 yildan beri ishlatilib, o‘z resursini o‘tab bo‘lgan. E’tiborlisi, 2020-yilda ajratilgan mablag‘larga qaramasdan nasoslarning 60 foizdan ortig‘i xizmat muddati tugagani, suv yo‘qotishlari esa 35−40 foizni tashkil etgani, ya’ni uch yil davomida nasoslarni modernizatsiya qilish va yo‘qotishlarni kamaytirish o‘rniga vaziyat yanada og‘irlashgani e’tiborga molik.

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflari ko‘tarilishi, Qoraqalpog‘istonda sholi yetishtiriladigan maydonlarning qisqarishi, Qirg‘izistonning Qozog‘istonga sug‘orish uchun suv berishni to‘xtatgani mintaqada suv inqirozi kuchayib borayotganidan dalolat beradi. “Gazeta.uz” hududlardagi suv bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangandi.