Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni 2024-yilgi davlat budjetining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

“Biz tahlikali zamonda yashayapmiz, raqobat kuchayib ketyapti. Biz bunday og‘ir paytda faqat o‘zimizning barqaror iqtisodiyotimizga ishonishimiz kerak. Yil yakuniga qadar budjet tushumlari prognoz ijrosi va 2024-yil uchun vazifalarni jiddiy, tanqidiy muhokama qilamiz”, — dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

”davlat

Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat 5,7 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz, xizmatlar 12,1 foizga oshgan. Eksport 23,5 foizga oshib, 17,7 mlrd dollarni tashkil qildi. 226,6 trln so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,8 foizga ko‘paygan.

“Biroq ko‘rsatkichlarimiz yaxshi bo‘lgani bilan ayrim tarmoq va hududlardagi ishlar ahvoli meni tashvishga solmoqda. Barqaror iqtisodiy o‘sishni izchil davom ettirish uchun faqat ichki imkoniyatlarni ishga solishimiz zarur. O‘zimizga ishonishimiz kerak. Millatimizni o‘ylasak, bugun har birimiz, har bitta vazir, har bitta hokim o‘zgarishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiy o‘sishga zarur sharoit yaratib, daromad bazasini yanada kengaytirish hukumat va hokimlarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Endi davlat budjetining har bir satriga aniq mas’ullar biriktiriladi. Agar viloyat, tuman va shahar hokimi dunyoqarashini o‘zgartirib, mahalliy korxonalarning ishini rivojlantirib, mahalliy budjetga qo‘shimcha tushumni ko‘paytirmas ekan, iqtisodiyot barqaror bo‘lmaydi. Shuni tushunish kerak”, — deb hisoblaydi prezident.

”davlat

Prezident yirik sanoat tarmoqlarida xarajatni qisqartirish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Taqdim etilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilning birgina to‘rtinchi choragida 349 ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trillion so‘m xarajatlar kamaytiriladi. Bu ishlarni tizimli davom ettirish uchun hukumatga kelgusi yilda yirik tarmoqlarda tannarxni 15−20 foiz kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda past quvvatda ishlayotgan korxonalarga ko‘mak berib, ularni to‘liq quvvatga chiqarish choralari belgilandi. Tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish muhimligi aytildi.

Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Xususan, 2024-yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. Bu joriy yilgiga nisbatan 15 foiz ko‘p.

Dastlabki loyihada 317 ta maktab qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Prezident bu masalaning muhimligini va joylardagi talabni inobatga olib, yana 150 ta maktab qurilishiga mablag‘ ajratishni taklif qildi. Maktabgacha ta’lim, professional va oliy ta’lim tizimi uchun nazarda tutilgan mablag‘larni ham ko‘paytirish bo‘yicha fikr bildirdi.

Shu bilan birga, ushbu mablag‘lardan oqilona foydalanish, ajratilayotgan mablag‘larning natijadorligini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Kelgusi yildan “Mahalla budjeti” tizimi to‘liq joriy qilinadi. Har bir mahallaning 100 million so‘mgacha mablag‘i bo‘ladi.

”davlat

Davlat rahbari bu mablag‘larni mahallada ish o‘rni yaratadigan, aholining og‘irini yengil qiladigan loyihalarga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi. Ushbu yangi tizim bo‘yicha mahalla raislarini o‘qitish, mablag‘larning hisobini yuritish va nazorat qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka takliflar kiritish zarurligi aytildi. Bu borada budjet mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Tarmoq, soha va hududlarga kelgusi yil 32 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni 19 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2024-yil uchun budjet loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, sakkiz oy davomida O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi qariyb 40 trln so‘mni tashkil etgan. O‘tgan ikki oyda xarajatlar daromaddan 12,2 trln so‘mga oshdi. Eslatib o‘tamiz, hukumat 2023-yil yakunlari bo‘yicha profitsit bo‘lishini prognoz qilgan edi.