Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni yig‘ilish o‘tkazdi, unda bog‘ va tok qator oralariga ekin ekish tadbirlariga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 331 ming gektar bog‘ va 153 ming gektar tokzor bor. Ularda qator oralaridagi yerlarga piyoz, sarimsoq, sabzi, bahor oylarida yeryong‘oq, kartoshka, pomidor va bodring ekilsa, bozorlarimizga qo‘shimcha mahsulot, aholiga daromad bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Yil yakunigacha 92 ming gektarga to‘qsonbosti usulida sabzavotlar ekish, bunga urug‘lik va suv yetkazib berish chora-tadbirlari belgilandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari iqlimga mos ekin turlari, agrotexnikasi bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berib boradi.

Prezident belgilangan chora-tadbirlar suv xo‘jaligi sohasining barqaror ishlashi va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga, pirovardida xalq farovonligini oshirishga qaratilgani qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev avval ham bir necha bor bog‘ va uzumzorlarning qator oralariga ekin ekish muhimligiga e’tibor qaratgan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023-yil 12-apreldagi qarori bilan O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklari dalalari chetlari bo‘ylab foydalanilmayotgan qariyb 60 ming gektar yerdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, parranda boqish va asalari uyasi joylashtirish aytilgandi.