Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 23-oktabr kuni Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi protokolni imzoladi va tasdiqlash uchun Turkiya parlamentiga yubordi. Bu haqda mamlakat rahbari ma’muriyati ma’lum qildi. Xabarda boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Erdog‘anning partiyasi va ittifoqchilari ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lgan parlamentdagi yakuniy ovoz berishdan oldin, Tashqi aloqalar qo‘mitasida Shvetsiyaning NATOga a’zoligi muhokama qilinadi. Protokolni ratifikatsiya qilish bo‘yicha ovoz berish qachon bo‘lib o‘tishi noma’lum, deya qayd etadi agentlik.

Turkiya Shvetsiyaning alyansga kirishiga oxirgi raqiblardan biri bo‘lgan, shuning uchun, Bloomberg ta’kidlaganidek, Erdog‘anning qarori “Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan harbiy alyans mudofaasini kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlaridagi katta yutuq"dir.

Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson Erdog‘anning protokolni imzolashini olqishladi. “Endi parlament bu masalani hal qilishi kerak”, deb yozdi u. “Biz NATOga a’zo bo‘lishni intiqlik bilan kutamiz”.

Shvetsiya va Finlyandiya o‘tgan yilning may oyida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Aprel oyida Finlyandiya alyansga a’zo bo‘ldi va Shvetsiyaning ittifoqqa kirishiga esa Stokgolmdan bir qancha shartlarni bajarishini talab qilgan Turkiya tomonidan to‘siq qo‘yildi.

Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi haqidagi kelishuv Vengriya tomonidan ham hali ratifikatsiya qilinmagan.

NATO qoidalariga ko‘ra, yangi davlatlar ittifoqqa uning barcha a’zolari roziligi bilangina a’zo bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda ittifoqqa 30 ta davlat a’zo.