O‘zbekiston Advokatlar palatasi advokatlar faoliyatiga bir qator cheklovlar kiritishni nazarda tutuvchi yangilangan “Advokatning kasb etikasi qoidalari” loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatni advokat Saidali Muxtoraliyev e’lon qildi. Loyiha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali yoki palataning saytida mavjud emas. Amaldagi qoidalar 2013-yil sentabr oyida qabul qilingan.

Masalan, loyihaning taklif etilayotgan 55-bandiga ko‘ra, “Advokat ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarini muhokama qilmaslik, ularga nisbatan axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmasligi lozim”.

Palataning mazkur band uchun bergan izohida qayd etilishicha, “advokatlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda faol va bu faollik aksariyat hollarda hokimiyat vakillarining qonuniy xatti-haraktalarini tanqidiy muxokama qilish, fuqarolarda davlatga va amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchsizlik holatini keltirib chiqarish ham uchramoqda”.

“Mazkur vaziyatlar keskinlashib, xalqning noqonuniy mitinglar uyushtirishi, aholi tinchligi buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda. Shu boisdan, ularning OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi xulq-atvor qoidalarini belgilab berish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari mazkur qoidalar Belorus Respublikasida Advokatlarning kasb etikasi qoidalarining 65-bandida, Fransiyada Advokatlarning kasb etika kodeksning 19-bandida ham nazarda tutilgan”, — deyiladi tushuntirish xatida.

“Gazeta.uz” ushbu mamlakatlar tajribasini o‘rganib chiqdi, biroq Fransiyaning Advokatlar axloq kodeksining 19-bandida faqatgina advokat to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita yolg‘on yoki yolg‘on bo‘lishi mumkin bo‘lgan yoxud kimgadir buni amalga oshirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan yozma matnlar yoki izohlarni bevosita yoki bilvosita nashr etmasligi lozim, deyiladi.

Belarusiya advokatlar kasbiy etika qoidalarining 65-bandida aytilishicha, advokatlar aniq va ishonchli ma’lumotlarni OAVga taqdim etishi, Internetda tarqatishga (shu jumladan izoh va baholar berish) haqli. OAV vakili bilan muloqot qilayotgan advokat uning so‘zlari ommaviy auditoriyada noto‘g‘ri ko‘rinishda talqin qilinmasligi uchun zarur choralarni ko‘rishi lozim.

“Advokat davlat organining mansabdor shaxsi noqonuniy harakat qilsa ham, u haqida OAVda yoki ijtimoiy tarmoqda lom-mim deyolmas ekan. Bular advokatni so‘z va fikr erkinligidan mahrum qilib, advokatura sohasini jarlikka uloqtirmoqchi. Dahshat!!!” — deb yozdi yurist Saidali Muxtoraliyev.

Uning ta’kidlashicha, mazkur qoidalar qabul qilinsa, “advokatura qo‘pol qilib aytganda “o‘ladi”. Shuningdek, u yangi tuzatishlar Konstitutsiyaning 33-moddasidagi “har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega”, “har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega” degan normaga zid, degan fikrda.

“Davlat apparatining qaysidir mexanizmida islohot noto‘g‘ri qo‘llanilsa, yoki islohotning o‘zi xato bo‘lsa, buni tanqid qilishga haqqi bor advokatning. Boshqa odamlar kabi. Endi, tasavvur qiling. Advokat masalan, qaysidir qonun, farmon yoki qarorga qo‘shilmasa va o‘z qarshi fikrini asoslantirib material joylashtirsa, bular joriy qiladigan etika qoidasini buzgan bo‘ladi. Va natijada “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga asosan etika qoidalarini buzganligim uchun uning advokatlik litsenziyasi bekor qilinadi”, — deb yozdi u.

Advokat, shuningdek, palataning advokatlarning fikr-mulohazalari noqonuniy mitinglar uyushtirishga olib kelishi haqidagi bayonotini yolg‘on deb hisoblaydi.

Advokat Allan Pashkovskiy “Gazeta.uz”ga Advokatning kasb etikasi qoidalariga (AKEQ) kiritish taklif etilayotgan o‘zgartirishlar “yumshoq qilib aytganda, quyidagi bir qator sabablarga ko‘ra yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan, qonunga zid, advokat maqomining mohiyatiga va xalqaro huquq normalariga zid” deb hisoblashini ma’lum qildi.

“AKEQga taklif qilinayotgan qo‘shimchalar ularga amal qilish zimmasiga yuklatilayotgan barcha advokatlar ishtirokida ishlab chiqilmadi va muhokama qilinmadi. AKEQga qo‘shimchalarni ishlab chiqishda shaffoflik yo‘q, ya’ni xayoliga shunday „ajoyib“ g‘oya kelib qolgan noma’lum „qahramon“ qismida”, — dedi u.

Advokat, shuningdek, ushbu qoidalar yangi Konstitutsiyaning 33-moddasiga zid ekani, shu boisdan ham “ular Konstitutsiyaviy sud tomonidan mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiqligi yoki unga zidligi (ular qabul qilingan taqdirda) nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi protsessual zarurat” ekanini ta’kidladi.

Allan Pashkovskiy ham qoidalarga taklif etilayotgan qo‘shimchalar bilan advokatlik institutini “nihoyat advokatlarning o‘zlari (ma’lum bir qismi) qo‘llari bilan o‘ldiradi, faqat advokatlarning og‘zini skotch bilan yelimlash, qo‘llariga esa kishan taqish qoladi”. Shu bilan birga, advokatlarning davlatdan to‘liq mustaqilligini ta’minlash bilan bog‘liq vaziyat hal etilmaganligicha qolmoqda, dedi u.

“Mamlakat advokatlaridan biri sifatida, Toshkent shahri advokatlar delegatlari a’zosi sifatida, men maxsus protsessual maqomli inson va fuqaro sifatida advokat erkinligini cheklashga qaratilgan AKEQga taklif etilayotgan bunday qo‘shimchalarga mutlaqo qarshiman va bunday takliflarni o‘ta nomaqbul deb hisoblayman”, — dedi u.

Allan Pashkovskiy o‘zining yaqinda “Gazeta.uz” uchun kolonkasida O‘zbekistonda advokatlik sohasi muammolariga, jumladan, davlatdan mustaqil bo‘lmaslik, qonunchilik tashabbusining yo‘qligiga e’tibor qaratgan edi. Shuningdek, u Advokatlar palatasining amaldagi ish mexanizmlari nomukammalligini qayd etdi.

Advokat BAhodir Ahmedov kimningdir noto‘g‘ri fikri uchun noqonuniy miting o‘tkazilgan bo‘lsa, buning uchun shusiz ham javobgarlik borligini qayd etdi.

“Lekin buni deb boshqa asosli tanqidlar bilan o‘z faol jamoatchilik pozitsiyasini bildirib kelayotgan advokatlar ham kuyib qolmasligi kerak-ku. Agar bu loyiha o‘tib ketsa, Alim Ernazarov (Advokatlar palatasining hozirgi rahbari — tahr.) nomi advokatlarning dushmani bo‘lgan rais sifatida tarixda qoladi. Bunday nomda eslanishdan Xudo saqlasin. Palata advokatlarning huquqlarini yanada kengaytirishga harakat qiluvchi, advokatlarga tirgak bo‘luvchi tashkilot bo‘lishi lozim. Dushmanlik qiluvchi emas”, — deb yozdi u.

Yuristning fikricha, Adliya vazirligi ham ushbu loyihaga izoh berishi kerak, chunki bu O‘zbekistonning butun sud tizimiga ta’sir ko‘rsatadi.

Palataning munosabati

O‘zbekiston Advokatlar palatasi rahbariyati dushanba kuni kechqurun Avokatning kasb etika Qoidalarini yangi 55 band bilan to‘ldirish yuzasidan taklif etilgan matn bilan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi rahbariyati nafaqat kelishmasligini, balki qat’iy qarshi ekanligini va bunday bo‘lmasligini bildirdi.

“Shu bilan birga, advokatlarimizdan Advokatning kasb etika Qoidalari yuzasidan o‘z takliflarini yozma ravishda Advokatlar palatasiga yetkazishlarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.

“Loyihada boshqa asossiz bandlar ham mavjud”

Advokat Saidali Muxtoraliyev Advokatlar palatasining bayonoti uni qoniqtirmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, hujjat loyihasida savollar nafaqat 55-bandda, balki boshqa “asossiz va bir-biridan mantiqsiz bandlar ham mavjud.

Masalan, 8-banddagi “…mijozlarni yo‘ldan ozdirishi yoki ishning muvaffaqiyatli natijasi uchun asossiz umidlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan bayonotlar, maslahatlar, noaniqliklar bo‘lmasligi kerak” deganda nimani tushunish kerak? Yo bo‘lmasam, shu banddagi “advokat o‘zini yoki advokatlik tuzilmasi faoliyatini reklama qilishi mumkin emas” degan qoida.

“Keling, unda hamma advokatlar o‘z ofisi tepasiga osilgan „advokatlar“ degan yozuvni olib tashlasin. Biror-bir fuqaro qayerda advokatlar borligini umuman bilmasin”.

Loyihaning 19-bandida “o‘z hamkasblari va boshqa shaxslarning kasbiy va ishbilarmonlik fazilatlarini ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlarda chiqish orqali tanqidiy muhokama qilishga haqli emas” degan qoida ham, Saidali Muxtoraliyevning fikricha, so‘z va fikr erkinligiga tamomila zid.

Loyihaning 57-bandida “advokat advokat so‘rovini yuborishda qonunchilik hujjatlarida qayd etilgan normalarni tushuntirib berishni so‘rab murojaat qilishi mumkin emas” deyiladi.

“Kechirasiz, biror-bir qonun yoki qonunosti hujjatida cheklanmagan „tushuntirish so‘rash“ huquqini cheklashga nima haqqingiz bor sizlarning? Demak, birgina mana shu narsaga ertaga advokatning litsenziyasini bekor qilasizlarmi? Insof bormi sizlarda?” — deb yozdi u.

U 17-noyabr kuni bugungi ma’muriyatning vakolat muddati tugashi va 18-noyabr kunidan palataga yangi rahbariyat saylanishi kerakligini ma’lum qildi. Yuristning fikricha, advokaturaning ertangi taqdirini hal qiladigan eng muhim hujjatlarni ishlab chiqilishini bugungi ma’muriyatga qoldirish juda katta xato. Avval yangi rahbariyat saylansin, ular jamoatchilik va advokatlarga o‘z rejalari hamda strategiyasini e’lon qilsin. Ana shundan keyin, advokaturaga oid zaruriy hujjatlarni ishlab chiqish ishlari boshlansa to‘g‘ri bo‘ladi.