Ijtimoiy tarmoqlarda BYD avtomashina haydovchisi Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotganda xavfli manyovrlar qilgani aks etgan video tarqaldi.

Mashina ichidan tasvirga olingan videolavhada haydovchi avvaliga qarama-qarshi bo‘lakka chiqadi, so‘ng o‘z bo‘lagiga qaytib, yo‘lni o‘zgartiradi, qizil chiroqda o‘tib, piyodalar o‘tish joyida yo‘lni kesib o‘tayotgan maktab o‘quvchisini deyarli urib yuboradi. Video Instagram ijtimoiy tarmog‘ida _jamshidk tomonidan Stories`da chop etildi.

Toshkent shahar IIBB “Gazeta.uz”ga ushbu avtomashinani (davlat raqami 10 077 ABA) 22 yoshli X. X. boshqargani, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalari bilan ma’muriy bayonnoma tuzilganini ma’lum qildi.

  • 128−5-moddaning 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi, — BHMning 10 baravari yoki 3,3 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi);
  • 128-moddasi 1-qismi (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmasligi, odam tashish, transport vositalarini quvib o‘tish, yo‘nalishli transport vositalari to‘xtaydigan bekatlardan yoki piyodalar o‘tish joylaridan yurish, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, xuddi shuningdek yo‘lovchilarga loyqa sachratishi, — BHMning ikkidan bir qismi yoki 165 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi);
  • 128−4-modda (Svetoforning taqiqlovchi signalida yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida yo‘lning qatnov qismidagi yo‘l chiziqlari yoki yo‘l belgilari bilan belgilangan to‘xtash chizig‘ini bosib kirish).

Bayonnoma bir necha moddalar bo‘yicha tuzilgan bo‘lsa, yanada og‘irroq jazo qo‘llaniladi, bunda qoidabuzar BHMning 10 baravari (3,3 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.

YHXBB xodimlari haydovchi bilan “profilaktik suhbat” ham o‘tkazgan.