O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni joriy yilning 9 oyida erishilgan iqtisodiy natijalar, yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar va 2024-yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Tadbir so‘ngida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida “2024-yilda xususiylashtirishdan tushadigan tushumlar sarhisob qilinib, ushbu tushumlar nimalar hisobiga ta’minlashi” masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi.

“Bo‘sh turgan binolar, mol-mulklarni xatlovdan o‘tkazib, ularni yil davomida auksion orqali sotuv jarayoniga chiqarish bir tomonlama bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchi tomondan raqobat muhiti rivojlangan barcha sohalarda davlat ishtirokini qisqartirib, xususiy mulkka berish bo‘yicha ishlarni davom ettirishimiz kerak”, — dedi u.

Prezident, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xatlovdan o‘tkazib, ularni payma-pay auksion orqali tadbirkorlarga topshirish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ham topshiriq berdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov 2024-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishini 5,8 foiz (bu yil o‘sish 5,6 foiz bo‘lishi kutilmoqda) atrofida bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ishlarini jadallashtirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

“[Yig‘ilishda] budjet taqchilligining oshib ketishining oldini olish va uni bir maromda bosqichma-bosqich pasaytirib borish, belgilangan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish kabi masalalar batafsil muhokama qilindi. Aytish joizki, kelgusi yilda 5,8 foizlik o‘sish sur’ati maqsad qilib olingan bo‘lib, bu 2030-yilga borib YAIMning 160 mlrd dollar yoki uning jon boshiga to‘g‘ri keladigan miqdorini 4 ming dollarga yetkazish maqsadidan kelib chiqib belgilangan. Buning uchun barcha imkoniyatimiz bor”, — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident “har bir so‘mni juda tejamkorlik, aql bilan ishlatish kerak”, dedi. “Muhtaram prezidentimiz har bir hudud, budjet mablag‘larini olib ishlatuvchi har bir tashkilot har bir so‘mga qat’iy mas’ul ekanligini alohida ta’kidladi, — dedi u.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev 2024-yildan boshlab tijorat banklari bilan birgalikda 270 trln so‘m kredit ajratish, shuningdek, avval ajratilgan 181 trln so‘m kreditlar qaytarilishini ta’minlash rejalashtirilganini ta’kidladi.

“2024-yildan boshlab hududlarda biznes sohasi mijozlariga kredit ajratishda infrastruktura bilan to‘liq ta’minlangandagina kredit ajratish amaliyotini joriy qilish, tadbirkorlar ham bundan keyin kredit olish jarayonida o‘zlarining mablag‘lari bilan qatnashishlari, sug‘urta bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarga chek qo‘yish, hududlarda banklarning mas’uliyatlarini belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, — dedi u.

Yil oxiriga kelib YAIM o‘sishi kamida 5,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Prezident dunyodagi murakkab va noaniq vaziyat iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, shu boisdan barqaror iqtisodiy o‘sishni davom ettirish uchun ichki imkoniyatlardan kengroq foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, garchi hukumat 2023-yil oxirida profitsitni bashorat qilgan bo‘lsa-da, sakkiz oy davomida O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi salkam 40 trln so‘mni tashkil etdi. Iyul-avgust oylarida xarajatlar daromadlardan 12,2 trln so‘mga oshdi.