Farg‘ona viloyatida katta miqdordagi smartfonlar kontrabandasiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda viloyat Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.

Boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati va IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishida harakatlangan Cobalt avtomashinasi Namangan viloyati bilan chegarada to‘xtatilgan.

Mashina saloni va yukxonasidan xorijdan olib kelingan 24 turdagi 550 ga yaqin (dastlabki hisob-kitobga ko‘ra) 5 mlrd 788 mln so‘mlik smartfonlar topilgan. Biroq ularning bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha hujjatlar bo‘lmagan.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, smartfonlar orasida Iphone 15 Pro, Iphone 15 Pro Max, Samsung Galaxy S23 Ultra, Samsung Galaxy S23 FE kabi rusumdagilar bo‘lgan. Ba’zi qurilmalar orqa o‘rindiq va bagaj o‘rtasidagi bo‘shliqqa yashirilgan.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.