“Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan sudning navbatdagi majlisida o‘zbekistonlik amaldorlar hindistonlik yana bir ishlab chiqaruvchining 11 ta dori vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 88 ming dollar talab qilib, oldindan 50 ming dollar olgani ma’lum qilindi. Bu haqda sudda guvohlardan biri aytib berdi, deya xabar berdi “Daryo”.

Guvohning ma’lumot berishicha, u pul masalasida “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK rahbari o‘rinbosari N.M. bilan muloqot qilgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘ralgan 88 ming dollarning 50 ming dollari mansabdorning yordamchisi orqali ish boshidan olingan. Qolgan miqdori esa ish bitganidan keyin olinishi haqida kelishilgan. Biroq, “Dok-1 Maks” mashmashalari boshlanib qolgani bois, 11 ta dorini ro‘yxtadan o‘tkazish to‘xtab qolgan va va’da bajarilmagan. Olingan pul esa qaytarib berilgan.

Guvohning ta’kidlashicha, u dorilarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlatga to‘lanishi lozim bo‘lgan har bir dori uchun 15 million so‘mdan — 165 million so‘m pulni ham to‘lagan.

Avvalgi sudlarda so‘roq qilingan Quramax Medical MCHJ direktori hindistonlik S.R.P. advokatlarning savoliga javob berar ekan, Marion Biotech PVT. Ltd korxonasida inspeksion tekshiruv o‘tkazilishini to‘xtatish uchun J.E. ismli mas’ulga 33 ming dollar berganini tan olgandi. Keyinchalik u bu ko‘rsatmasini o‘zgartirgan.

Sudning 15-sentabrdagi majlisida so‘roq qilingan “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Sh. Sh. unga berilgani aytilgan 33 ming dollar pulni olganini rad etgan.

“Gazeta.uz” Marion Biotech antibakterial preparatlari “Kuraraks 200”, “Kuraraks 400” va “Kuraraks Orni” 2022-yil 25-may (markaz ilmiy kengashi yig‘ilishidan bir kun oldin) va 19-iyulda ro‘yxatdan o‘tganini aniqlagan edi.