AQSh prezidenti Jo Bayden 20-oktabr kuni televideniye orqali xalqqa murojaat qildi, nutq HAMASning Isroilga bergan raketa zarbasi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga bag‘ishlandi. Murojaat matni Oq uy saytida e’lon qilindi.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS va Rossiya prezidenti Vladimir Putin turli xil tahdidlarni keltirib chiqaradi. Ularni “qo‘shni demokratiyani butunlay yo‘q qilish” istagi birlashtiradi.

“HAMASning mavjudligidan maqsad Isroil davlatini yo‘q qilish va yahudiy xalqini o‘ldirishdir. Ayni paytda Putin Ukrainada haqiqiy davlatchilik bo‘lganini inkor etadi. Uning ta’kidlashicha, Sovet Ittifoqi Ukrainani yaratgan. Va ikki hafta oldin u dunyoga, agar Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilarimiz [Ukrainadan] ketsa, Ukraina bir haftagina yashashini aytdi”, — dedi Bayden.

Uning ta’kidlashicha, mojarolar amerikaliklar uchun uzoqdek tuyulishi mumkin, ammo Isroil va Ukraina muvaffaqiyatini ta’minlash Amerikaning milliy xavfsizligi uchun hayotiy zarurat.

“Tarix bizga shuni o‘rgatdiki, terrorchilar o‘z terrori uchun, diktatorlar o‘z tajovuzi uchun [badal] to‘lamasa, ular [yanada] ko‘proq tartibsizlik, o‘lim va vayronagarchilikka sabab bo‘ladi. Ular [bu ishda] davom etmoqda, Amerika va dunyo uchun tahdidlar ortib bormoqda”, — dedi prezident.

Baydenning ta’kidlashicha, ittifoqchilar va dushmanlar AQShning javobini kuzatmoqda va agar Amerika Putinga Ukrainani mustaqillikdan mahrum qilishga ruxsat bersa, “dunyo bo‘ylab potensial tajovuzkorlar ham xuddi shunday qilishga urinishadi”. Shunday qilib, Amerika prezidentining fikricha, mojarolar butun dunyoga, masalan, Tinch okeani mintaqasida va ayniqsa, Yaqin Sharqda tarqalishi mumkin.

Shu sababli Bayden Ukraina, Isroil va AQShning boshqa ittifoqchilariga yordam berish uchun Kongressga shoshilinch so‘rov yuborishni rejalashtirayotganini aytdi.

NBC News avvalroq prezident jami 100 milliard dollar talab qilishi, 60 milliard dollari Ukrainaga, 10 milliardi Isroilga, qolgani esa Tayvanga yordam berish va AQShning Meksika bilan chegarasida xavfsizlikni ta’minlash uchun yo‘naltirilishi haqida xabar bergan edi.

“Bu oqilona sarmoya bo‘lib, avlodlar uchun xavfsizlik dividendlari sifatida qaytariladi”, — dedi Bayden.

“Biz HAMAS kabi terrorchilar va Putin kabi tiran [hukmdorlar]ning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Men bunga yo‘l qo‘ymayman”, — dedi prezident.

U, shuningdek, Isroilni Qo‘shma Shtatlar 2001-yil 11-sentabrdan keyin yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlashdan ogohlantirdi.

“Men Isroil hukumatini g‘azabdan ko‘r bo‘lmaslik haqida ogohlantirdim. Amerikada esa kimligimizni unutmaylik. Biz musulmonlarga, yahudiylarga yoki boshqa birovga nisbatan nafratning har qanday shaklini, ko‘rinishini rad etamiz”, — dedi Bayden.

Bayden HAMAS Falastin xalqini ifodalamasligini ta’kidladi.

“HAMAS falastinlik tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanadi va ular tufayli begunoh falastinlik oilalar katta azob chekmoqda. Isroil va falastinliklar teng darajada xavfsizlik, qadr-qimmat va tinchlikda yashashga loyiqdir”, — dedi AQSh prezidenti.