Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi ustav kapitalidagi Uzbekistan Airports kompaniyasining 100 foiz ulushi brendi saqlab qolingan holda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tarkibiga kiruvchi Uzbekistan Helicopters kompaniyasining ustav kapitaliga o‘tkaziladi.

Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 16-oktabrdagi “Aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan, deb xabar qildi Adliya vazirligi.

Uzbekistan Airports`ga tegishli uchta ATR72−600 samolyoti Silk Avia kompaniyasiga beg‘araz o‘tkaziladi. Ushbu kompaniyaga rivojlanish strategiyasi doirasida ATR72−600 samolyotlari sonini ko‘paytirish vazifasini qo‘yilgan.

Uzbekistan Helicopters kompaniyasiga aviaqatnovlarning sonini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish hamda ATR72−600 rusumli havo kemalari parkini rivojlantirish vazifalari yuklanadi.

Mamlakatning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi bo‘lmish Silk Avia Uzbekistan Airports tomonidan 2021-yil noyabr oyida tashkil etilgan. Uni rivojlantirish strategiyasi Dubayning HAS Aviation GT kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Aytilgan maqsad O‘zbekiston hududlari o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘qligi muammosini hal qilish edi. Kompaniya 2023-yilning 25-aprelida ilk muntazam reyslarini amalga oshira boshlagan.