Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida 19-maktab o‘quvchilari sholi o‘rimiga maktab direktori topshirig‘i bilan jalb qilingani haqida xabar berilgandi. Senat huzuridagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi mazkur holat yuzasidan o‘rganish natijalarini ma’lum qildi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda o‘quvchilar maktab direktori sholi o‘rimiga yuborganini, hozir dars payti ekanini aytishgan.

Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi o‘quvchilar tumandagi “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligining sholi dalasida “dars mashg‘ulotlaridan so‘ng, fermer xo‘jalik rahbari K.X.ning taklifiga asosan, ma’lum bir haq evaziga” dalada o‘rilgan sholini to‘plashganini bildirgan.

Kommisiya o‘rganishi davomida o‘quvchilar, ularning ota-onalari, maktab ma’muriyati va fermer xo‘jaligi rahbari bilan suhbat o‘tkazilgan. Suhbat davomida maktab ma’muriyatining ushbu o‘quvchilarni sholi o‘rimiga majburiy jalb qilinishi holati o‘z tasdig‘ini topmagan.

Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan mehnat qonunchiligi va bolalar mehnatidan ularning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki ahloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanganligi holati Qo‘shko‘pir tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud qarori bilan fermerga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi va 49−1-moddasida (Voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori (330 ming so‘m)ning 10 barobari (3 mln 300 ming) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.