Qozog‘iston urushda ishlatilishi ehtimoli bo‘lgan 106 turdagi tovarning Rossiyaga eksportiga taqiq qo‘ydi, deya xabar berdi “KazTAG” agentligi. Ma’lumotlariga ko‘ra, xususan, dronlar, elektrochiplar va mikroelektronika eksporti taqiqlangan.

“Biz urush bilan bog‘liq bo‘lgan tovarlardan tashqari barcha tovarlarni eksport qilamiz, ularga [urushga bog‘liq tovarlarga] cheklov qo‘yilgan. Bu 106 turdagi tovarlar — biz ularni eksport qilishni butunlay taqiqladik”, — deya Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Kayrat Torebayev so‘zlaridan iqtibos keltirgan agentlik.

Uning tushuntirishicha, bu turdagi mahsulotlarning barchasi Qozog‘istonda ishlab chiqarilmaydi va Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin Qozog‘iston orqali reeksport qilingan. “Qozog‘iston [bu tovarlarni] import qiladi, lekin eksport qilmaydi. Ular nafaqat G‘arbda, balki boshqa mamlakatlarda ham [ishlab chiqarilgan]”, — deya qo‘shimcha qildi To‘rebayev.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak joriy etilgan cheklovlarga munosabat bildirdi.

“Dushman reeksport orqali G‘arb komponentlarini olishga harakat qildi. Makfol-Yermak guruhi hamkorlarimiz bilan rossiyaliklar uchinchi davlatlar orqali qurol ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan komponentlarni yanada ko‘proq ololmasligini ta’minlash maqsadida ishladi”.

Ma’lumot o‘rnida, Makfol-Yermak guruhi xalqaro ekspertlar guruhi hisoblanib, Rossiya va Belarusga nisbatan sanksiyalar siyosati bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. U Vladimir Zelenskiy tashabbusi bilan yaratilgan bo‘lib, uning ishiga Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak va AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol rahbarlik qiladi.

Avvalroq The Bell sanksiyalar ostidagi Rossiya qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan tovarlar importini salkam 40 foizga oshirgani haqida yozgandi. Bunga parallel tarzda Yevropaning mintaqaga eksporti, ayniqsa, mikroelektronika, transport uskunalari, kompyuter va boshqa elektron uskunalar eksporti o‘sgan.