Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Nishon tuman sudi 4-oktabr kuni 13 yil davomida ichimlik suvidan noqonuniy foydalangan shaxsga nisbatan hukm chiqardi, deya xabar berdi “O‘zsuvta’minot” matbuot xizmati.

Balxiyak qishlog‘ida yashovchi fuqaro 2010-yilda fermer xo‘jaligi tashkil qilib, Tolimarjon-Muborak magistral quvuriga noqonuniy ulangan va ekinlarini ichimlik suvi bilan sug‘orib kelgan.

“Qashqadaryo suv ta’minoti” korxonasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida uning noqonuniy faoliyati fosh etildi. Yetkazilgan zarar 282,7 mln so‘mni tashkil etadi.

Sud sudlanuvchini aybdor deb topib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, 282,7 mln so‘m miqdoridagi zararni qoplashi kerak.