Velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasiga reyting ochkolarini jamg‘arish davri yakuniga yetdi. Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan e’lon qilingan reyting yakuniga ko‘ra, bo‘lajak Olimpiadaga O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 3 ta, erkaklar termasi esa 1 ta yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi xabar qildi.

Ayollar toifasidagi litsenziyalarning 2 tasi guruh poygasi, 1 tasi esa shaxsiy poyga dasturiga to‘g‘ri keladi. Ular 1942 ochko bilan ushbu siklda ishtirok etgan 103 jamoa orasida 17-natijani qayd etgan. Bu Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

velosport, париж-2024

Erkaklar esa 1228 ochko bilan 105 jamoa orasida 32-natijani ko‘rsatishdi. Bu ularga guruh poygasi yo‘nalishida 1 ta yo‘llanmani taqdim qildi. Qoidaga ko‘ra, barcha kvotalar terma jamoa uchun taqdim qilingan. Ushbu dasturlarda qaysi atletlar Parij-2024 Olimpiadasida startga chiqishi keyinroq murabbiylar shtabi tomonidan ma’lum qilinadi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, velosportchilar Olimpiya o‘yinlariga birinchi bor 4 ta yo‘llanma qo‘lga kiritmoqda.

velosport, париж-2024

O‘zbekiston velosport federatsiyasining “Gazeta.uz”ga xabar qilishicha, ayollar jamoasining reyting pozitsiyasi jahon tasnifidagi eng nufuzli poyga — Le Tour de France`da ishtirok etish huquqini beradi.