O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston hududida noqonuniy ushlab turilganligi hamda ularning majburiy mehnatga jalb qilingani holati Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olindi. BU haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat ikki davlat huquq tartibot organlari tomonidan hamkorlikda o‘rganilishi, aybdor shaxslarga nisbatan huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, mazkur holatdan jabrlangan shaxslarning shaxsiy hujjatlarini qaytarib olinishi, zarur holda qayta tiklanishi, vataniga qaytarilishi, zarur tibbiy, ijtimoiy, psixologik xizmat ko‘rsatilishi hamda ularning O‘zbekistonda ish bilan ta’minlanishi Milliy komissiya tomonidan qat’iy nazoratga olindi.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni Qozog‘iston politsiyasi Chimkentdagi g‘isht zavodlarida noqonuniy ravishda ushlab turilgan 60 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosini mehnat qulligidan ozod qilgani, zavod egalari esa qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. Keyinroq O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi fuqarolar bilan suhbat o‘tkazilgani, ularning asosiy qismi pasporti qaytarib berilsa, vatanga qaytishi va ish beruvchiga e’tirozi yo‘qligini bildirganini ma’lum qildi.