O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJning 35 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Buning sababi sifatida kompaniyani isloh qilish va “O‘zbekiston temir yo‘llari”ni xolding kompaniyaga aylantirish doirasida “Temiryo‘lkargo” AJ sifatida qayta tashkil etish, bunda temir yo‘l transporti sohasining biznes jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish va respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, yuk tashishda tannarx va xarajatlarni kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Agentlik sentabr oyi oxirida “O‘ztemiryo‘lkonteyner”ning 35 foizlik davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshlagan. Bitim Alkes Research tomonidan konsultant sifatida qo‘llab-quvvatlangan.

Kompaniya haqida

“O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyati 2002-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning ixtisoslashtirilgan shu’ba korxonasi sifatida tashkil etilgan. U O‘zbekiston hududi bo‘ylab konteynerli yuk tashishni tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Mart oyida prezident tomonidan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturida O‘TYning “O‘ztemiryo‘lkonteyner”dagi ulushini sotish rejasi ham bor. Bundan tashqari, konteyner parki operatorining 4% aksiyalari “xalq IPOsi” orqali sotilishi rejalashtirilgan.

Prezidentning 10-oktabrdagi qarori bilan “Temiryo‘lkargo” AJ yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.