Qo‘shma Shtatlar Xitoyga harbiy ustunlik berishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarning Xitoy bozoriga kirishini qiyinlashtirish maqsadida, chiplar va ularni ishlab chiqarish uskunalarini sotib olishi bo‘yicha cheklovlarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Nashr manbalariga ko‘ra, yangi qoidalar 2022-yilning oktabr oyida joriy etilgan savdo cheklovlaridagi bo‘shliqlarni yopishga qaratilgan. O‘shanda Amerika hukumati Xitoyga Amerika texnologiyasidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan sun’iy intellekt chiplarini sotishni cheklagandi.

AQSh, xususan, boshqa mamlakatlar orqali eksport cheklovlarini chetlab o‘tishga urinayotgan Xitoy kompaniyalari uchun qo‘shimcha tekshiruvlar joriy etish niyatida. Buning uchun Xitoyning chip ishlab chiqaruvchilari savdo cheklovlari ro‘yxatiga qo‘shiladi, uchinchi mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari ushbu kompaniyalar buyurtmalarini bajarish uchun AQSh litsenziyasini olishlarini talab qiladi, deya aniqlik kiritadi agentlik.

Yangilangan cheklovlar shu hafta e’lon qilinadi, deb yozadi Bloomberg. Yangilik allaqachon Osiyo yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilarining aksiyalariga ta’sir ko‘rsatdi.

“Bayden ma’muriyati sun’iy intellekt ilovalari uchun grafik chiplar va ilg‘or chiplar ishlab chiqarish uskunalarini Xitoy firmalariga sotish ustidan nazoratni kuchaytirishga intilmoqda”, — deb tushuntirdi agentlik manbalari.

Avgust oyida AQSh prezidenti Jo Bayden ham Xitoyning texnologiya sanoatiga, jumladan yarimo‘tkazgich va mikroelektronikani rivojlantirish, kvant texnologiyasi va sun’iy intellektga AQSh sarmoyasini cheklovchi farmonni imzoladi. Iqtisodchilar bu qarama-qarshilikni “chip urushi” deb atashadi.