Qirg‘iziston hukumati xorijliklarning “vizaran” tizimi yordamida soddalashtirilgan kirishini bekor qildi va o‘rniga “60/120” tamoyili bo‘yicha vizasiz rejim joriy qildi. Qonunchilikka 10-oktabr kuni tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, deya xabar bermoqda mamlakat TIV matbuot xizmati.

“Vizaran” (ingliz tilida — visa run) — chet elliklarning muayyan bir davlat chegarasidan tashqariga chiqib, yana unga qaytib kirganlarida mamlakatda qonuniy qolish muddatini uzaytirish usuli.

Yangi qoidalarga ko‘ra, chet el fuqarolari Qirg‘izistonda ketma-ket 60 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qolishi, chegarani kesib o‘tgan paytdan boshlab 60 kundan keyin esa qayta kirishi mumkin bo‘ladi.

“Qirg‘izistonga 90 kungacha vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan fuqarolar uchun muddatlar 90/180 tamoyili bo‘yicha hisoblanadi”, — deya aniqlik kiritdi vazirlik.

Tashqi ishlar vazirligi “vizaran”ni bekor qilishdan maqsad “migratsiya oqimini yanada samarali boshqarishni ta’minlash va mamlakatning umumiy xavfsizligini yaxshilash”dan iborat ekanligini ma’lum qildi.

Joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istonda ham “vizaran” tizimi bekor qilingan edi. O‘shanda mamlakat Ichki ishlar vazirligi o‘zgartirishlar Qozog‘istonning “odamlar migratsiya qonunchiligiga rioya qilishi” uchun kiritilganini ma’lum qilgandi.

Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘tgan yilning sentabr oyida Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng rossiyaliklarning ketish uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. 2022-yilda Qozog‘istonga 2,9 mln, Qirg‘izistonga esa 450 mingga yaqin rossiyalik kirdi.