17-oktabr kuni Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi 35-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga 40,8 ming dollarlik jihozlar sovg‘a qildi, deb xabar qildi diplomatik missiya “Gazeta.uz”ga.

Bog‘chaga stol, stullar, karavotlar, audiovizual uskunalar va oshxona mebellari berildi, bu orqali bolalarni parvarish qilish va ta’lim olishi uchun xavfsiz va gigiyenik muhitni ta’minlash reja qilingan.

Yordam Yaponiya hukumatining “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga bepul ko‘mak” grant dasturi doirasida taqdim etildi.

2023-yil boshida xuddi shu loyiha doirasida Yaponiya hukumati tomonidan Xorazm viloyati Urganch shahridagi 31-maktabda gigiyena va sanitariya holatini yaxshilash loyihasiga 91 ming dollar, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 28-sonli va 19-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘quv jihozlari bilan ta’minlash loyihalariga mos ravishda 24,9 va 24,2 ming dollar ajratilgandi.