Isroil Mudofaa armiyasi vakili Daniel Xagari HAMAS 199 kishini asirda ushlab turganini ma’lum qildi. Garovga olinganlarning yaqinlari xabardor qilingan. Xagarining ta’kidlashicha, harbiylar garovga olinganlar G‘azo sektorining qayerida ushlab turilganini bilish uchun “qattiq harakat” qilmoqda va ularni xavf ostiga qo‘yadigan hujum uyushtirmaydi.

HAMASning o‘zi esa 200−250 kishi garovda ushlab turilganini ma’lum qildi. Bu haqda guruh vakili Abu Obeydaning so‘zlariga tayanib, Al-Jazeera yozdi. Obeydaning ta’kidlashicha, 200 kishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri HAMAS tomonidan, 50 ga yaqin odam esa “boshqa guruhlar” tomonidan garovga olingan. Obeyda, shuningdek, Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida 22 nafar garovga olinganlar halok bo‘lganini ta’kidlagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Isroil anklavni bombardimon qilishda davom etayotgan bir vaqtda, G‘azoda faqat “24 soatga yetadigan suv, elektr energiyasi va yoqilg‘i qolgani” haqida ogohlantirdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi agar Isroil bombardimon qilishni to‘xtatsa, HAMAS G‘azo sektoridagi garovga olinganlarni ozod qilishga tayyor ekanini aytdi. Bu haqda Naser Kanani Tehrondagi matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozdi The Times of Israel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS vakillari garovga olinganlarni ozod qilish uchun kerakli choralarni ko‘rishga tayyor ekanini ma’lum qilgan, biroq “bunday choralar tayyorgarlik talab qiladi, ular esa har kungi bombardimon sharoitida imkonsiz bo‘lib qolmoqda”.

HAMASning o‘zi ham eronlik diplomatning so‘zlarini tasdiqlagani yo‘q. Avvalroq guruh garovdagilarni falastinlik garovga olinganlarga almashishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Isroil Bosh xavfsizlik xizmati (SHABAK) rahbari Ronen Bar razvedka xizmati HAMASning mamlakatga hujumining oldini olmagani uchun shaxsiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda u razvedkachilar va ularning oilalariga yo‘llagan maktubida yozgan.

“Ko‘rgan bir qancha choralarimizga qaramay, afsuski, hujumning oldini olish uchun yetarlicha ogohlantirish bera olmadik”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “Gaarets”.

Bar, shuningdek, HAMASning Isroilga hujumi oqibatida o‘n nafar razvedka xodimi halok bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot o‘rnida, SHABAK (shuningdek, Shin-Bet nomi bilan ham tanilgan) Isroil razvedka agentliklarining eng kattasi bo‘lgan umumiy xavfsizlik xizmati hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqi Misr orqali G‘azo sektoriga gumanitar havo yo‘lagi ochish tashabbusi bilan chiqmoqda, dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen. Uning qo‘shimcha qilishicha, Falastin aholisi “HAMASning vahshiyligi uchun tovon to‘lamasligi kerak”. Gumanitar havo yo‘lagi aynan qanday tashkil etilishi bo‘yicha ma’lumot berilmagan.

The Wall Street Journal AQSh Isroilga yordam berish uchun 2000 askar yuborishga tayyorligi haqida yozdi.

Nashr manbasiga ko‘ra, harbiylarga maslahat va tibbiy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklangan. Amerika askarlarining mumkin bo‘lgan jangovar harakatlarda ishtirok etishi kutilmaydi deya aniqlik kiritgan nashr suhbatdoshi. AQSh qo‘shinlarini qanday sharoitda va qayerga joylashtirishi noma’lum, biroq Pentagon qarori Jo Bayden ma’muriyati G‘azo sektorida quruqlikdan operatsiya o‘tkazgan taqdirda Isroil armiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlanayotganidan dalolat beradi.

Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi “Jerald Ford” va “Duayt Eyzenxauer” aviatashuvchi kemalari boshchiligidagi O‘rta dengizning sharqiy qismiga ikkita zarba beruvchi guruhni jo‘natgandi. Pentagon rahbari Lloyd Ostin ta’kidlaganidek, bu “Isroilga qarshi dushmanlik harakatlari va HAMASning Isroilga hujumidan keyin urushni kengaytirishga qaratilgan har qanday urinishlarning oldini olish maqsadida” amalga oshirilgan.

HAMAS ilk marta garovga olinganlardan birining videosini e’lon qildi. Unda Nature Party festivalida qurollangan shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan 21 yoshli Mia Shem tasvirlangan, deya xabar bermoqda Meduza.

Video HAMASning kecha kechasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bloklangan Telegram kanaliga joylangan. Videoda Mia Shem qo‘lidan o‘q yeganini va G‘azo sektoridagi shifoxonada operatsiya qilinganini aytgan.

“Menga g‘amxo‘rlik qilishmoqda, dori berishmoqda, hammasi joyida. Meni tezroq uyimga, ota-onam, aka-uka va opa-singillarimning oldiga olib ketishlarini iltimos qilaman. Meni tezroq bu yerdan olib keting. Iltimos”, — degan u.

Video qachon va qanday sharoitda suratga olingani noma’lum. Mia Shemning oilasi videodagi shaxs u ekanini tasdiqlagan.

AQSh va Isroil G‘azoga gumanitar yordam yetkazish rejasini tayyorlashga kelishib oldi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasidagi to‘qqiz soat davom etgani aytilayotgan muzokaralar 17-oktabr kuni ertalab yakunlandi. Uchrashuv havo hujumi haqida ogohlantirish sirenasi tufayli to‘xtatilgan va Blinken va Netanyaxu qisqa muddatga bunkerga tushishga majbur bo‘lgan.

“Agar HAMAS tinch aholiga gumanitar yordam yetkazilishiga qandaydir tarzda to‘sqinlik qilsa, jumladan, uni qo‘lga olsa, biz birinchi bo‘lib bu harakatni qoralaymiz va bu qayta takrorlanmasligi ustida ishlaymiz”, — degan Blinken.

AQSh prezidenti Jo Bayden 18-oktabr kuni Isroilga keladi. Bu haqda uning Twitter`dagi sahifasida xabar berildi. Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u “HAMASning shafqatsiz terror hujumidan” jabr ko‘rgan mamlakat bilan birga ekanini namoyish etmoqchi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS hujumlari oqibatida halok bo‘lgan isroilliklar soni 1400 nafardan oshdi, 2,5 ming odam yaralangan.

G‘azo sektorida Isroil zarbalari oqibatida kamida 2750 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 9700 dan ortiq odam jarohatlangan.