17-oktabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari (VSU) rossiyalik qo‘shinlar pozitsiyalariga hujum qilish uchun ilk bor ATACMS taktik ballistik raketalaridan foydalandi, deb yozmoqda The Wall Street Journal (WSJ) manbalarga tayanib.

Gazetaning ma’lum qilishicha, AQSh yaqinda Ukraina qarshi hujumining operativ imkoniyatlarini oshirish uchun Ukrainaga 160 km ga yaqin masofaga uchadigan raketalarning kichik partiyasini yashirincha yuborgan.

AQSh ATACMS raketalarini Ukrainaga topshirgani haqida rasman e’lon qilmadi.

VSU ATACMS yordamida qaysi obyektlarga zarba berilganiga aniqlik kiritmadi, biroq Ukraina Qurolli kuchlari seshanba kuni vaqtincha ishg‘ol qilingan Lugansk va Berdyansk yaqinidagi aerodromlarga hujumlar haqida xabar berganini qayd etadi.

VSUning tasdiqlashicha, “Ninachi” (Dragonfly) operatsiyasi davomida Rossiyaning to‘qqizta vertolyoti yo‘q qilingan, shuningdek, maxsus jihozlar, havo hujumidan mudofaa qurilmasi, o‘q-dorilar ombori va uchish-qo‘nish yo‘laklari shikastlangan.

Washington Post nashrining ukrainalik harbiy mulozimga tayanib yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari Lugansk va Berdyanskdagi nishonlarga 18 ta ATACMS raketasini uchirgan.

Ukraina rasmiylari uzoq vaqt davomida AQShdan ATACMS raketalarini yetkazib berishni so‘ragan, ammo rad javobini olgan edi. sentabr oyida bir qator Amerika OAVlari AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga klaster kallaklari bo‘lgan ba’zi ATACMS raketalarini berishga rozi bo‘lgani, ammo o‘z qarorini oshkora e’lon qilmagani haqida xabar bergan edi.