Toshkentda tegishli tahlillar o‘tkazilib, ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan noqonuniy bino va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar qildi. Ta’kidlanishicha, ushbu binolardan foydalangan tadbirkorlarga qonuniy asosda o‘z faoliyatini davom ettirish uchun sharoit yaratiladi.

“Amaliyot va tahlillar ko‘rsatganidek, shahar hokimligi va tegishli xizmatlarning ruxsatisiz, yo‘llar bo‘ylab qurilgan binolar aholi uchun xavf tug‘diradi, ya’ni ularda avtoturargoh va to‘xtash yo‘li yo‘q, bu esa haydovchining bir daqiqalik xaridi orqasidan boshqa haydovchilar va piyodalar uchun sezilarli noqulaylik va xavfga sabab bo‘ladi. O‘z navbatida, Toshkent shahri hududida maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan poytaxt aholisini hujjatlarning shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini yana bir bor sinchiklab tekshirishga chaqiramiz”, — deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.

Hokimlik ushbu turdagi mulkni sotib olayotganda ehtiyot bo‘lishni va yuridik xizmat kompaniyalari bilan maslahatlashishni so‘radi. Qayd etilishicha, Toshkent shahar kadastr xizmatlari tomonidan beriladigan hujjatlardan tashqari, bino va inshootlar uchun hujjatlarning muqobil turlari mavjud emas.

“Potensial xaridning barcha tafsilotlarini aniqlashtirish uchun vakolatli organlarga shaxsan yoki onlayn davlat xizmatlari orqali murojaat qiling. Faqat ishonchli va rasmiy ma’lumot manbalariga ishoning, aniq ma’lumot olish uchun shahar hokimligi matbuot xizmatiga 71 210−01−63 telefon raqami yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qiling”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent hokimligi shahardagi 70 dan ortiq uylarning qiyofasini yangilash dasturi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.