14-oktabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida beshinchi rasmiy spotting-tur bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi tadbirni tashkil etgan Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Tadbirda O‘zbekistonning turli shaharlari, shunigdek, Rossiya, Qozog‘iston va Belarusdan 50 ga yaqin, jumladan, 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar spotter ishtirok etdi. Hammasi bo‘lib 100 dan ortiq ariza topshirildi.

uzbekistan airports, aviaspotting, foto

Silk Avia, Uzbekistan Airways, Turkish Airlines, Kam Air, Loong Air, Air Astana, Utair, “Rossiya”, “Aeroflot”, S7 Airlines, Qanot Sharq va boshqa aviakompaniyalarning uchish va qo‘nishlari suratga olindi.

Anketalarni ko‘rib chiqishda, avvalgi bosqichlarda bo‘lgani kabi, bir nechta mezonlar — aviatsiya mavzulariga bag‘ishlangan shaxsiy veb-sayt, blog yoki ijtimoiy tarmoqda akkauntning mavjudligi, professional foto va video jihozlarning mavjudligi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan veb-resurslardagi nashrlar borligi hisobga olindi.

O‘zbekistonda ilk rasmiy aviaspotting 2021-yil 22-oktabrda bo‘lib o‘tgan va shu kuni O‘zbekistonda rasmiy spottingga start berilgan. Shuningdek, 2022-yil 26-yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, unda spotting-turlarni doimiy ravishda o‘tkazish nazarda tutilgan.

“Gazeta.uz”da 2021-yilda aviatsiya ishqibozlari haqidagi “Samolyotlar parvozini yuz yil bo‘lsa ham kuzatardim” maqolasi e’lon qilinganidan so‘ng Toshkent aeroportini kuzatish g‘oyasi paydo bo‘lgan.