15-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida Isuzu avtobusining gaz balloni portladi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Soat 16:50 da tuman hududidan o‘tuvchi Qarshi-Buxoro ichki yo‘lida Isuzu yo‘lovchilar bilan harakatlanib ketayotgan vaqtda ushbu hodisa sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgani, yana bir kishi qo‘lidan og‘ir jarohat olgani aytilgandi. Ammo Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘lim holatini tasdiqlamadi.

“4 nafar fuqaro o‘rta og‘ir darajada jarohat olib, tuman tibbiyot shifoxonasiga yotqizilgan. Qolgan fuqarolarga ambulator va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Eng asosiysi, hodisa sababli hech kim halok bo‘lmagan”, — deyiladi FVV xabarida.