O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegaradosh Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lgan voqea natijasida kontrabanda tovarlar va materiallar olib o‘tishda gumon qilingan ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati rasmiy xabar e’lon qildi.

Unda aytilishicha, 16-oktabrga o‘tar kechasi Vodil qishlog‘ida xizmat qilayotgan chegarachilar Bo‘ston mahallasi hududida mahalliy aholi A. M. va O. Yu. bo‘lgan avtomobil to‘xtalganida salon qismida mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlangan.

Chegara qo‘shinlari bo‘linmasiga borish taklif etilganida, fuqarolar A. M. va O. Yu. hamda voqea sodir bo‘lgan hudud yaqinida yig‘ilgan ularning o‘n nafarga yaqin sheriklari, spirtli ichimlik ta’sirida harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlar va chegarachilarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularga nisbatan kuch ishlatishgan.

“Natijada harbiy xizmatchilar turli ko‘rinishdagi tan jarohatlarini olgan. Qarshilik ko‘rsatayotgan kuchlar teng kelmaganligi bois, chegarachilar fuqarolarning noqonuniy harakatlarini to‘xtatish maqsadida ogohlantiruvchi o‘q uzishiga qaramasdan, ular g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirganlar”, — deyiladi xabarda.

Ogohlantirishga qaramay, faol qarshilik ko‘rsatishda davom etgan fuqarolarga qarshi qurol qo‘llangan, ulardan ikki nafari voqea joyida halok bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Huquq-tartibot idoralari hodisa yuzasidan tekshiruv boshladi.