12-oktabr kuni O‘zbekiston hukumati va Jahon banki “O‘zbekiston energetika sektorini transformatsiya qilish uchun innovatsion uglerodli moliyalashtirish” (iCRAFT) loyihasini amalga oshirish uchun 46,25 mln dollar miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzoladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

Ushbu mablag‘lar “O‘zbekiston energetika sektorini transformatsiya qilish uchun innovatsion uglerodli moliyalashtirish” (iCRAFT) loyihasini amalga oshirish uchun ishlatiladi. Loyiha toza energiya ishlab chiqarishga, energiya samaradorligini oshirishga va energiya subsidiyalarini isloh qilishda ko‘mak beradi.

Bitim Jahon banki guruhi va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining Marokashda bo‘lib o‘tayotgan yillik yig‘ilishlari davomida imzolandi.

Jahon bankining Uglerod aktivlarini transformatsiya qilish jamg‘armasi (TCAF) tomonidan moliyalashtirilgan iCRAFT loyihasi bankning energetika sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi global tashabbusi bo‘lib, ma’lum bir sohadagi aniq natijalar uchun to‘lovlar orqali issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishni rag‘batlantiradi. Loyiha O‘zbekistonga iqlim o‘zgarishi sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda va energiya resurslaridan samarali foydalanishda yordam beradi.

“Prognozlarga ko‘ra, uni amalga oshirish davrida biz karbonat angidrid emissiyasini qariyb 60 million tonnaga kamaytira olamiz. Ushbu 60 million tonnadan loyiha doirasida mamlakatdan 2−2,5 million tonna karbonat angidrid sotib olinadi. O‘zbekiston qolgan uglerod birliklarini loyiha davomida yaratilgan va sinovdan o‘tgan tizimlar, infratuzilma va mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi”, — dedi O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari va Jahon banki guruhi menejeri Jamshid Qo‘chqorov.

Loyiha doirasida taqdim etilgan mablag‘larning bir qismi aholining kam ta’minlangan xonadonlarni tariflarning ko‘tarilishidan himoya qilish uchun sarflanadi. Jumladan, loyiha “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha davlat dasturini va energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni qo‘llab quvvatlaydi.

Ma’lumot uchun, iCRAFT loyihasi Markaziy Osiyodagi birinchi issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirish orqali global harorat ko‘tarilishini cheklashga qaratilgan birinchi xalqaro bitim bo‘lib, Parij kelishuvida ko‘zda tutilgan bozor mexanizmlari doirasida issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni moliyalashtiradi.

Xususan, loyiha doirasida 2027-yilgacha kamaytirilgan issiqxona gazlari emissiyalari chiqindilarni mamlakatdan sotib olish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2018-yilda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qilib, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari (karbonat angidrid, metan, azot oksidi) ajratilishi hajmini 2010-yildagi bazaviy darajadan 10 foizga kamaytirishga va’da bergandi. 2021-yilda O‘zbekiston ushbu shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini oshirdi. O‘zbekistonning yangi maqsadi: 2030-yilga borib YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari ajratilishini 2030-yilgacha 2010-yil darajasidan 35 foizga (ilgari ko‘rsatilgan 10 foiz o‘rniga) kamaytirish.