O‘zbekistonda “O‘zbekgidroenergo” gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu prezidentning 12-oktabrdagi sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonida nazarda tutilgan. Hujjat nusxasi “Gazeta.uz” ixtiyorida mavjud.

Prezidentning 2021-yil 10-dekabrdagi qaroriga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab “O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi vakolatli davlat organi tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda quyidagi stavkalarda sotib olinishi kafolatlanadi (II guruh iste’molchilari uchun mo‘ljallangan tarif asosida — 1 kVt/soat uchun 450 so‘m, 1-oktabrdan oshirilgunga qadar):

suv oqimlarida ishlaydigan GESlar uchun — tarifning 70 foizi (kVt/soat uchun 315 so‘m);

elektr energetika tizimining rejimiga qarab dispetcher tomonidan tartibga solinadigan GESlar uchun — tarifning 100 foizi (kVt/soat uchun 450 so‘m);

gidroakkumulyatsiya elektrostansiyalari (GAES) uchun — tarifning 150 foizi (kVt/soat uchun 675 so‘m).

Ushbu tariflar o‘shandayoq fotoelektr stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini davlat sotib olish kafolatlangan narxlardan yuqori edi. 2022-yil dekabr oyida Masdar kompaniyasi (BAA) Buxoro viloyatida 3,044 sent (341,88 so‘m), Fransiyaning Voltalia SA kompaniyasi esa Xorazm viloyatida 2,888 sent (324,36 so‘m) bo‘lgan tarif bilan tenderda g‘olib chiqdi.

Bu tariflar prezident farmoni bilan bekor qilinmoqda. Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga bir hafta muddatda “O‘zbekgidroenergo” tarkibidagi GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun tariflarni ushbu kompaniya investitsion dasturlarini moliyalashtirish uchun yetarli hajmda tasdiqlashni topshirdi.