13-oktabr kuni amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev MDH davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Uchrashuvga Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raislik qildi. Sammit ishida, shuningdek, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston prezidentlari va MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

мдҳ davlat rahbarlari кенгаши, шавкат мирзиёев

Davlat rahbari o‘z nutqida mavjud imkkoniyatlarni birgalikda baholash va o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish uchun MDHdek noyob platformani ishga solish muhimligini alohida qayd etdi, deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Mirziyoyev takliflari

Prezident ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etishni taklif qildi.

мдҳ davlat rahbarlari кенгаши, шавкат мирзиёев

Shuningdek, u hamdo‘stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarurligini ta’kidlab, tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Shu munosabat bilan tegishli shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashda mavjud mexanizmlarni samarali ishga solishga chaqirdi va uni rag‘batlantirishning yangi vositalarini taklif qildi.

Davlat rahbari o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish hamda MDH mamlakatlarining Sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

мдҳ davlat rahbarlari кенгаши, шавкат мирзиёев

Energetika va oziq-ovqat sohalarida hamkorlik qilish, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha yangilangan dasturni hamda Agrosanoat majmuidagi kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash taklif qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi hududlararo hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, yo‘lovchi va yuk tashishni ko‘paytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ko‘rsatib o‘tdi, deyiladi xabarda.

Global iqlim isishi oqibatlariga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi. 2024-yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT shafeligidagi Xalqaro iqlim forumi doirasida MDH makonidagi ekologik xavf-xatarlarga bag‘ishlangan maxsus yalpi sessiyani tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

мдҳ davlat rahbarlari кенгаши, шавкат мирзиёев

Gumanitar soha haqida so‘z borarkan, 2024-yilda hamdo‘stlikning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan Samarqand shahrida MDH madaniyat, san’at va kino haftaligini o‘tkazish taklif qilindi.

Shuningdek, 2024-yilda Toshkent shahrida bir qator yoshlarga oid tadbirlar, shu jumladan, futbol musobaqasi bo‘lib o‘tishi qayd etildi.