11-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi ayolning eri kaltaklab qiynagani, arz qilingan tegishli idoralar esa holatga e’tibor qaratmayotgani haqida qilgan videomurojaati tarqaldi.

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u 2017-yilda Shohruz Bo‘tayevga turmushga chiqqan, nikohidan bir nafar farzandi bor. U, shuningdek, eri psixotrop dori ta’sirida qaynotasini (ayolning otasini) pichoqlab o‘ldirganini bildirdi. Er-xotin 2019-yilda ajrashgan.

“Bolam bilan aliment ham olmasdan, ko‘cha-ko‘yda qiynalib, sarson bo‘lib yurdim va shu kungacha yashadik. Oxiri yuristlar maslahati bilan majburiy ijro tomonidan uyga olib kirib qo‘yildik. 8-oktabr kuni bu odam tashqariga televizor ovozini baland qilib qo‘yib, meni ichkariga sudrab olib kirib, soat 11 dan soat 16 gacha urib, hammayog‘imni pichoq bilan qiynadi”, — deya ta’kidladi ayol.

Ayolning aytishicha, eri unga “qonuniy huquqlaridan foydalanib, uyga kirgani uchun” o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Jabrlanuvchining opasi Majburiy ijro byurosi singlisiga 6 oylik himoya orderi berganiga qaramay, eri uni kaltaklaganini bildirdi.

Jabrlanuvchining opasi. Foto: “Elparvar”Jabrlanuvchining opasi. Foto: “Elparvar”

"Bir kun oldin profilaktika xodimlariga singlim ogohlantirish bergan ekan. Lekin ular kelib, xabar olmagan. Shu sababli u 4 soat uydan chiqolmay, kaltaklangan. Uning eri bilan kelishmovchiligi 6 yil avval dadamni o‘ldirib ketganidan beri bor. Eri 3 yildan so‘ng qamoqdan chiqib keldi. Eri bilan ajrashgach, Majburiy ijro [byurosi] uni uyiga olib kirib qo‘ygandi. Unda 6 oylik himoya orderi bor edi", — dedi ayol.

“Mening uyimda qonunlarga asoslanib, terpilalik qilib, maza qilib yashamoqchimisan? Bu uyga seni ajaling olib keldi. Otangni ham bilmasdan emas, ataylab o‘ldirganman. Endi seni ham o‘ldiraman. Bu uyga olib kelishdimi, endi tobutingda olib chiqib ketishadi, deb qiynadi”, — deya erkakning so‘zlarini keltirmoqda jabrlanuvchi.

Ta’kidlanishicha, erkak ayolning boshini 3−4 marta devorga urganidan so‘ng u hushidan ketgan. Unga kechirishini so‘rab yalingan. Bolaga ham pul so‘ramasligini, hech nima qilmasligini aytgan. Qonun doirasida hech narsa talab qilmayman deganida, erkak buni rad etib, uni o‘ldirishini aytgan.

“Ko‘zimni yopib, qayerdaligimni bilmasdim, bir-necha marta meni qiynadi. Oxiri Azizni bir marta ko‘ray, suv ichay, iltimos, dedim. Qo‘l telefonimga dugonam Mahliyodan qo‘ng‘iroq bo‘laverdi. U manzilni biladi, hozir yetib keladi, deb o‘ylab, telefonimni sindirib tashladi. Urishdan to‘xtab, o‘zi tez yordamga tashlab ketdi. Agar ichki ishlarga yoki boshqa joyga murojaat bilan chiqsam, meni o‘ldirib ketishini aytib, tahdid qildi. Shifoxonaga kelganimizda shifoxona tomonidan 102 ga qo‘ng‘iroq qilinmadi, o‘zimiz qildik, ekspertizaga ham o‘zimiz — shu ahvolimda borib keldim. U sobiq ichki ishlar xodimi bo‘lgani uchunmi, bilmadim, unga yon boshishyaptimi? Bizga e’tibor berishmayapti. Shifokorlar umuman gapimizni inobatga olmay, yaxshi qarashmayapti. Bu ahvolimda ham xor bo‘lyapman. Qayerga murojaat qilishim, kimdan yordam so‘rashimni bilmayapman. Menga yordam beringlar, iltimos”, — degan ayol.

Aytilishicha, ayol shifoxonaga yotqizilganidan so‘ng uning yoniga notanish erkak kelib, ayolning pul undirish uchun shunday ishlar qilayotganini aytgan. Palatadagi kasal uni chiqarib yuborgan.

“Elparvar” kanali xodimining aytishicha, u ayolni ko‘rish uchun 16-sonli shahar shifoxonasiga borganda unga shifoxona xodimlari bunday shaxs joylashtirilmaganini aytgan. Mahalla noziri bilan gaplashilganda ham bunday ayol yo‘q ekani aytilgan. “Oxiri biz shu 16-shifoxonaning nevrologiya bo‘limi 11-palatasidan u ayolni topdik”, — deydi bloger.

Video e’lon qilingach, ertasi kuni Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Nodira Umarova boshchiligidagi guruh shifoxonaga yetib borgan va ayol bilan suhbatlashgan. Voqea Toshkent viloyatida sodir bo‘lgani sababli ichki ishlar xodimlari hujjatlarni tayyorlamoqda. Hokim o‘rinbosari ayol bu voqeadan oldingi holatlarni ham hech kima aytmay, ichiga yutib xato qilganini, ariza berib, qaytib olaverganini aytdi. U Toshkent shahri va viloyati birgalikda ish olib borishi, holat nazoratga olinishini ma’lum qildi.

Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Nodira Umarova (o‘ngdan uchinchida). Foto: “Elparvar” Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Nodira Umarova (o‘ngdan uchinchida). Foto: “Elparvar”

Holat yuzasidan ayolning o‘zi ichki ishlar organlariga xabar berganidan so‘ng shifoxona ham 102 ga murojaat qilgan. Video e’lon qilingani ortidan organ xodimlari voqea joyiga chiqib, holatga aniqlik kiritgan. Hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari ketmoqda.

Bosh prokuraturaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. IIV matbuot xizmati gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Shifokor uning ahvolini o‘rtacha og‘irlikda deya baholadi. “Tan jarohatlari bor. Miya ichki tomonidan qon quyilishi yo‘q. Peshana suyagida siniq aniqlangan. Unga ochiq bosh miya jarohati, bosh miyaning yengil darajada lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Shu bo‘yicha bemor davolanmoqda”, — dedi shifokor. Hozirda jabrlanuvchi alohida palatada qolmoqda, tibbiy nazoratga olingan.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi holatga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Nodira Umarova va Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva holatni o‘rgandi.

Ayol bilan suhbatlashildi. Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda zo‘ravonga nisbatan qonuniy jazo qo‘llash va ayolning sog‘lig‘i to‘liq tiklanib ketishi, tegishli barcha davolash ishlarining amalga oshirilishi mas’ullar tomonidan nazoratga olingan, deyiladi bayonotda.