8-oktabr kuni Xitoyning Xanjou shahrida Osiyo o‘yinlarini yakunlanganidan 2 kun o‘tib, mamlakatning Tayyuan shahrida taekvondoning WT yo‘nalishi bo‘yicha gran-pri musobaqasi boshlandi. Unda 5 nafar o‘zbekistonlik sportchi ishtirok etdi va 4 ta medalga ega chiqdi.

10-oktabr kuni -49 kg vazn toifasida jangga kirishgan Madinabonu Mannopova musobaqa davomida Turkiya, Marokash, Saudiya Arabistoni vakillarini yengdi. Yarim finalda Xitoy sportchisiga imkoniyatni boy berdi va bronza medaliga ega chiqdi. U Osiyo o‘yinlarida ham bronza medalini olgandi.

11-oktabr kuni bronza medallar soni yana ikkitaga ko‘paydi. Osiyo hamda Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitov (-68 kg) hamda Jasur Jaysunovning (-80 kg) ikkalovi ham yarim finalda janubiy koreyalik raqibiga mag‘lub bo‘lib, 3-o‘rinni egalladi.

12-oktabr kuni +80 kg vazn toifasida bahs olib borgan Nikita Rafalovich Tunis, Xitoy, Xorvatiya, Janubiy Koreya vakillari ustidan g‘alaba qozondi. Biroq finalda rossiyalik Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Vladislav Laringa 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Natijada musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi.

Ishtirokchilar orasida +67 kg vazn toifasida jang qilgan Svetlana Osipova sovrindorlar qatoridan joy ololmadi. U avvalroq Osiyo o‘yinlarida bronza medaliga ega chiqqandi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqani 1 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan tugatdi.