11-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Chexiyaning Škoda Group kompaniyalari o‘rtasida 320 million yevrolik 30 ta elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. O‘zbek-chex biznes-forumi doirasida o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirok etdi.

Kurier Kolejowy saytining Škoda Group kompaniyasiga tayanib xabar berishicha, imzolangan shartnoma Chexiya kompaniyasining O‘zbekistonda yutgan eng yirik shartnomasi hisoblanadi.

Foto: Škoda Group / Kurier Kolejowy.Foto: Škoda Group / Kurier Kolejowy.

Kelgusi yildan izlari orasi keng bo‘lgan temir yo‘l (1520 mm) uchun to‘rtta vagonli poyezdlarni ishlab chiqarish boshlanadi. Asosiy qismlarni ishlab chiqarish Ostravadagi zavodda, avtomobillarni yig‘ishning bir qismi esa O‘zbekistonda amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.

Vagonlar past polli, Wi-Fi, shuningdek, ichki va tashqi videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan bo‘ladi. Kompaniya Latviya va Estoniya temir yo‘l operatorlari uchun xuddi shunday poezdlarni ishlab chiqaradi.

Foto: Škoda Group / Kurier Kolejowy.Foto: Škoda Group / Kurier Kolejowy.

Loyiha Chexiyaning EGAP eksport sug‘urta kompaniyasi ko‘magida chex banklari tomonidan moliyalashtiriladi.

Abdulla Aripov Chexiya poyezdlarini sotib olish bo‘yicha kelishuvni O‘zbekiston temir yo‘llari uchun inqilobiy qadam deb atadi.

“Bu kelishuv istiqbolli hamkorlikning boshlanishi, xolos. Biz Škoda kompaniyasining O‘zbekistonda ulkan salohiyatga ega ekanini bilamiz”, — dedi bosh vazir.

“Bizning O‘zbekistonga poyezd yetkazib beruvchi sifatida tanlanganimiz nafaqat uskunalarimiz yuqori sifatining isboti, balki xalqaro hamkorligimizni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir”, — dedi Škoda Group kompaniyasining Markaziy va Sharqiy mintaqa bo‘yicha prezidenti Zdenek Svata.

Foto: Škoda Group / Kurier Kolejowy.Foto: Škoda Group / Kurier Kolejowy.

O‘zbekiston Chexiyadan 30 ta poyezd sotib olayotgani bir kun avval prezidentning temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi qarorida ma’lum bo‘lgandi.

Chexiya bosh vaziri Petr Fialaning aprel oyida Toshkentga tashrifi chog‘ida ikki davlatning transport sohasidagi hamkorligi muhokama qilingandi. Keyin Škoda Transportation kompaniyasi O‘zbekistonga 34 ta zamonaviy poyezd yetkazib berish bo‘yicha tenderda ishtirok etayotgani ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Chexiyaga tashrif chog‘ida umumiy qiymati 800 million yevrodan ortiq bo‘lgan sarmoyaviy va savdo bitimlari imzolangan.