Kompyuterimda anchadan beri mening tadqiqotlarim, o‘zim to‘plagan nodir materiallar ustidagi tahlillarim, takliflarim va eksklyuziv mualliflik illyustrativ suratlarim (ular orasida respublikaning tadqiqotchilar kamdan-kam qadam ranjida qiladigan olis burchaklarida olingan fotosuratlar ham bor) asosida plagiatchi “olimlar” tomonidan tayyorlangan ilmiy ishlarning ko‘p sonli misollari saqlanadigan “Mendan o‘g‘irlayotgan plagiatchilar” nomli papka bor.

Nazarimda, deyarli har bir mehnatkash, chin olimda uni ranjitadigan mana shunday plagiat dalillari bor va u bu dalillarga g‘azab bilan qo‘l siltaydi. Shaxsan o‘zim ham haddan tashqari bandligim, ko‘p sonli ilmiy va kasbga oid xizmat safarlari tufayli bu haqda yozishga qo‘lim tegmasdi — bu sharmandagarchilikka munosabat bildirishga hech fursat bo‘lmayotgan edi. Sabablar ham, deylik, oxirgi ikkita holat kabi ko‘z yumib bo‘lmas darajada emasdi.

2023-yil iyun oyida Toshkent Arxitektura-qurilish universitetida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya materiallari asosida chop etilgan maqolalar to‘plamiga kiritilgan universitet dotsenti, arxitektura fanlari nomzodi Lobar O‘lmasovna Rasul-Zadening “Tarixiy muhitda bino va inshootlar qurilishi muammolari” maqolasida mening maqolamdan ketma-ket 7 ta sahifaning 3 tasi muallifga havola ko‘rsatilmagan holda, yumshoq qilib aytganda, so‘zma-so‘z o‘zlashtirilganini aniqlandim.

Bunda gap 2018-yil 19-mart kuni “Gazeta.uz”da rus tilida e’lon qilingan “Me’moriy merosni buzishni to‘xtatish” sarlavhali maqolam haqida bormoqda. O‘sha paytda nihoyatda dolzarb bo‘lgan maqola jamiyatda katta rezonansga sabab bo‘lgan, uni saytning o‘zida 37 mingdan ortiq ko‘rishgan, mushtariylarning 25 nafari zalvorli izohlar qoldirgandi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘p ko‘rilib, qizg‘in muhokamalar keltirib chiqargandi.

Keyinroq o‘zim ham, restavratsiya masalalariga bag‘ishlangan bir qator akademik ilmiy ishlarimda materiallarimdan foydalanar ekanman, mazkur maqola va internet-nashrga havolalar berganman. Zotan buni ilmiy etika talab qiladi.

Axir qanday qilib imzo qo‘yilgan va O‘zbekistondan tashqarida ham taniqli hisoblangan “Gazeta.uz”ning logotipi tushirilgan mualliflik fotosuratlariga ega maqoladan uch sahifa matnni o‘g‘irlab, buni hech kim sezmaydi, deb o‘ylash mumkin?!

Maqolaning originali (chapda) va o‘g‘irlangan matn. PDF formatda to‘laqonli ko‘rish mumkin.Maqolaning originali (chapda) va o‘g‘irlangan matn. PDF formatda to‘laqonli ko‘rish mumkin.

Fotosuratlar ostidagi tagso‘zlarda va maqola oxirida “Suratlar muallifi Mavluda Yusupova” deb yozilgan (va suratlar olingan vaqt ko‘rsatilgan) bo‘lsa-da, “arxitektura fanlari nomzodi” ushbu tadqiqotning haqiqiy muallifi hamda uning matni va eksklyuziv suratlarini ilk bor chop etgan internet-nashrga manba ko‘rsatmay, yarim maqolani o‘z familiyasi bilan taqdim qilgan.

Qani endi shugina bo‘lsa! 2023-yil sentabrida Central Asian Journal of Social Sciences and History [Volume: 03 Issue: 10 | Oct 2022 (ISSN: 2660−6836)] jurnalida uchta bir xil familiya ostida (Farg‘ona politexnika instituti katta ilmiy xodimi, fan nomzodi (PhD) B.K. Raxmonov, Farg‘ona politexnika instituti magistrlari O.A. Raxmanova va B.B. Raxmanov; katta ehtimol bilan, ular o‘zaro qarindosh) e’lon qilingan “O‘zbekiston me’moriy merosini qayta tiklash” sarlavhali maqolani (1, 2) ko‘rib qoldim. Bu material to‘lig‘icha (!) mening 2018-yilgi yuqorida eslab o‘tilgan maqolamdan o‘g‘irlangan matn va rasmlardan iborat edi.

Birovning maqolasini o‘z nomidan ilmiy jurnalda chop ettirib, so‘ng uni Academia.edu kabi nufuzli xalqaro ilmiy hamjamiyatning ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirish uchun inson qanchalar surbet va aqlan zaif bo‘lishi kerak?!

Materialni tayyorlash uchun foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatida bu uchovlon mening maqolamga ham yo‘l-yo‘lakay havola bergan, biroq ro‘yxatda yana 14 ta boshqa muallifning ishlari sanab o‘tilgan hamda ko‘rsatilgan ishlarga mutlaqo mos kelmagan holda ularga cheksiz havola berilgan, iqtiboslar keltirilgan (aftidan, ular shu yo‘l bilan o‘z tanish-bilishlarining iqtibos indeksini oshirishga uringan).

Ayni vaqtda, ushbu 14 muallif ishlarining nomlari soxta olim, fan nomzodi (PhD) Raxmanov va uning “hammualliflari” tomonidan tayyorlangan “maqola” mavzusiga mutlaqo mos kelmaydi — bu mualliflarning na ular nomidan keltirilgan iqtiboslarga, na o‘g‘irlangan matnga aloqasi bor. Ko‘rsatilgan ishlarning 10 tasi… sintetik tasmalarga bag‘ishlangan bo‘lsa, yana nima ham deyish mumkin!

Maqolaning originali (chapda) va o‘g‘irlangan matn. PDF formatda to‘laqonli ko‘rish mumkin.Maqolaning originali (chapda) va o‘g‘irlangan matn. PDF formatda to‘laqonli ko‘rish mumkin.

Raxmanovlar mening tadqiqotimni o‘g‘irlash bilangina kifoyalanib qolmay, undan keltirilgan iqtiboslarni yana 14 nafar, ularning ta’biri bilan aytganda, “muallif”larga saxiylik bilan ulashgan. To‘lig‘icha o‘g‘irlangan maqolani tap-tortmay, birorta ham vergulini o‘zgartirmay uch kishining nomidan, haqiqiy muallifning familiyasini nomigagina qayd etib, iqtiboslar muallifligini boshqalarga saxiylik bilan ulashgan holda chop etish — bunisi endi qip-qizil talonchilik!

O‘zbekistonda ilmiy ishlarini himoya qilgan va himoyaga hozirlik ko‘rayotgan ayrim soxta fan nomzodlari (PhD) va fan doktorlari (DSc) ana shunday qalbaki “maqola”larni tayyorlash hamda bir vaqtning o‘zida boshqa mualliflarning iqtibos indeksini oshirish bo‘yicha butun boshli firibgarlik sindikatlarini tuzgani (yoki mavjudlarining xizmatlaridan foydalangani) haqidagi gap-so‘zlar avvalroq qulog‘imga chalingandi. Ular tomonidan ishlab chiqilgan firibgarlik sxemalariga ko‘ra, to‘laligicha o‘g‘irlangan yoki boshqa bir necha ishning ayrim qismlaridan jamlangan, ilmiy asarga taqlidan shakllantirilgan (rasmiylashtirilgan ilmiy manbalarga ega, 15 yoki undan ortiq muallifga havolalar ko‘rsatilgan) “yangi” qalbaki maqola yaratiladi. Ayni vaqtda, maqolalarning haqiqiy mualliflari yoki o‘zlashtirilgan materiallarning egalari o‘z ilmiy ishlarining noma’lum egizaklari paydo bo‘lib, “bolalab” ketayotganidan mutlaqo bexabar qoladi.

Har qanday munosib ilmiy tadqiqot matni uning muallifidan maxsus bilim va professional tahlilni, mening vaziyatimda esa — respublika restavratsiya sohasidagi o‘sha davrga oid ahvoldan boxabarlikni, shaxsiy tajriba va ko‘p yillik dala tadqiqotlarini, ya’ni obyektlarni rekonstruksiya qilish, buzish va restavratsiya qilish vaqtida muallifning ekspert sifatidagi shaxsan ishtiroki, YUNESKO va IKOMOS tomonidan restavratsiyaga qo‘yiladigan xalqaro qoida va talablarni chuqur bilishini talab qiladi.

Maqolam e’lon qilinganiga besh yil bo‘ldi va sohadagi vaziyat o‘zgardi. Masalan, Buxorodagi Abdulazizxon madrasasining vayron bo‘lgan qismi durustgina restavratsiya qilindi va hokazo. O‘z-o‘zidan, plagiatchilar tomonidan o‘zlashtirilgan ma’lumotlar endi u qadar dolzarb emas, ayrim omillar bartaraf etilgan va endi mavjud ham emas.

Hozir restavratsiya sohasida muhokama va tahlilni talab qiladigan yangi jihatlar va masalalar paydo bo‘lgan — Xudo urgan boyagi “olimlar” mana shular haqida yozishi kerak edi. Biroq buning uchun, yuqorida ta’kidlanganidek, maxsus bilim, o‘z ustida ishlash, o‘z sohasiga oid mahalliy va xalqaro darajadagi ishlanmalardan xabardor bo‘lish uchun o‘z kasbiy saviyasini oshirish va muntazam dala tadqiqotlarini o‘tkazish talab etiladi.

Men faqatgina bitta maqolamga taalluqli mutlaq plagiatning ikkita ko‘z yumib bo‘lmas misolini keltirdim, xolos. O‘g‘rilanganidan haqiqiy egalari bexabar holda yana qanchadan-qancha vijdonsiz plagiat mahsuli bo‘lgan maqolalar internetda aylanayotgan yoki, ba’zi birovlarning ta’biri bilan aytganda, “ilmiy ish”lar, psevdo-olimlarning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari ichida yashirinib yotgan bo‘lsa? Intellektual mulk o‘g‘rilari bu qilmishlari chinakam o‘g‘rilik sanalishini, buning uchun Yaratgannning oldida ham javob berishlarini, plagiat orqali topilgan luqma harom ekanligini bilmasmikan?

Boshqa muallifga tegishli material 7 sahifasining 3 tasidan (L. Rasul-Zadening materialida) va deyarli barcha 7 sahifasidan (B.K., O.A. va B.B. Rahmonovlarning “maqolasi”da) haqiqiy muallif va nashrga manba ko‘rsatmay foydalanish yoki o‘zi o‘g‘rilab, boshqalarga ham ulashish — O‘zbekiston qonunchiligi hamda olimning, shuningdek, maqolani birinchi bo‘lib e’lon qilgan “Gazeta.uz” nashri mualliflik huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishidir.

Hech qanday jazoga tortilmasligi ortidan so‘nggi yillarda “gullab-yashnayotgan” plagiatorchilik O‘zbekiston ilm-fanining nufuzi va obro‘siga mahalliy va xalqaro miqyosda katta putur yetkazmoqda.

Mintaqaning nomlari ushbu chiqishda zikr etilgan va boshqa ilmiy nashrlari plagiatchi mualliflarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishi va maqolalarni chop etishdan avval “Antiplagiat” dasturida tekshiruvdan o‘tkazishi lozim. Shuningdek, tezis va maqolalarni qabul qilib olayotgan konferensiya tashkilotchilari ham ularni “Antiplagiat” dasturida tekshirib olsa va ishtirokchilardan ilmiy etikaga rioya etishni talab qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Masalan, Qozog‘istonning Bosh arxitektura-qurilish akademiyasi (QBAQA) va boshqa ilmiy-o‘quv muassasalarida talabalarning hatto kurs ishlari ham “Antiplagiat”dan o‘tkaziladi — diplom, maqola va dissertatsiyalar haqida-ku gapirishga ham hojat yo‘q.

Qisqa fursatda — uch yilda himoya qilinadigan, psevdo-olim hisoblangan mualliflariga PhD va DSc diplomlari berilishi uchungina xizmat qiladigan o‘nlab psevdo-dissertatsiyalar O‘zbekistonga kerakmi? Bu odamlar O‘zbekiston ilm-fani va ta’limiga qanday naf keltiradi? Hammaga ma’lum haqiqat shuki, millat va jamiyatni tiz cho‘ktirish uchun bor-yo‘g‘i bir narsa — ta’lim darajasi (maktabdan tortib ta’limning barcha bosqichlari va fan sohalarigacha) pasaytirilsa kifoya.

O‘zbekistonda ta’lim va ilm-fanning mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyatini inobatga olgan holda, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ushbu sohani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilgan, olimlar, ayniqsa, yosh tadqiqotchilar har tomonlama, xususan, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Nahot olimlarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlikka mamlakat ilm-fanini uyatga qo‘yadigan, uning tahqirlanishi va tanazzuliga sabab bo‘ladigan ilmiy “yutuqlar” bilan javob berilsa?

Muallif haqida: Mavluda Abbosova-Yusupova (Yusupova) — professor, me’morchilik fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti arxitektura bo‘limi mudiri. Sharq mamlakatlari Xalqaro arxitektura akademiyasining muxbir-a’zosi, IKOMOS a’zosi. 1979−1986-yillarda me’moriy yodgorliklarni tiklash bo‘yicha O‘zbekiston restavratsiya ilmiy tadqiqot loyiha institutida amaliyotchi arxitektor-restavrator bo‘lib faoliyat yuritgan. Doktorlik (DSc) dissertatsiyasi (2000-yilda Moskva arxitektura institutida himoya qilingan) XV-XVII asrlar Buxoro me’morchilik maktabining o‘ziga xos xususiyatlari va tadrijiy rivojlanishiga bag‘ishlangan. 250 dan ortiq, jumladan, xorijda chop etilgan ilmiy ishlar muallifi. Tashrif buyuruvchi professor (Visiting-professor) sifatida Germaniya, Qozog‘iston, Gollandiya va AQSh universitetlarida O‘zbekiston me’moriy merosi va uni saqlashga oid ma’ruzalar o‘qigan. Mazkur merosni o‘rganish va saqlash bo‘yicha xorijiy ilmiy va ta’lim markazlari bilan xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida hamkorlik qiladi.