“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 25-oktabrdan 1-dekabrgacha, “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilinadi, uning doirasida 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilmoqda. Bu haqda chorshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan 2021-yil noyabr oyidan boshlab har yili 200 mln tup (kuzda 85 mln, bahorda 125 mln) daraxt ekish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda shu davrda 1,2 ming gektardan ortiq yashil bog‘ va jamoat parklari, 1 mln gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etilgani ma’lum qilindi.

Umuman, jamiyatda, mas’ullarda daraxtga nisbatan munosabat o‘zgardi, deya qayd etdi prezident. Bunda barcha darajadagi rahbarlar, vazirlar, hokimlar, mahalla faollari, jamoat arboblari, nuroniylar, san’atkor va sportchilar, mashhur blogerlar o‘rnak ko‘rsatishlari muhimligi ta’kidlandi.

Buning uchun Respublika shtabi tashkil qilinadi. Fanlar akademiyasi, Tuproqshunoslik, O‘rmonchilik institutlari, o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari ham shtabga a’zo bo‘ladi. Shtab tuproq tahlili, iqlim sharoiti asosida qayerga, qachon, qaysi ko‘chat turini qancha ekishni belgilab beradi.

Tayyorgarlik ishlari, ko‘chat tarqatish, ekish jarayonlarini tumanma-tuman televideniye va radio orqali yoritib borish muhimligi qayd etildi.

Avvalgi xatolarni takrorlamaslik

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yillardagi xatolarni takrorlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. “Gazeta.uz” prezidentning o‘zi bir necha bor ta’kidlagan sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ko‘chat ekish holatlari, daraxt navlarini noto‘g‘ri tanlash, parvarish qilinmasligi, shuningdek, millionlab daraxtlar qo‘shib yozilgani haqida yozgandi (quyidagi materiallarga qarang).

Davlat rahbari kuzgi mavsumida o‘tgan yillardagi xatolarni takrorlamaslik shart ekaniga e’tibor qaratdi. Bu boradagi vaziyatni o‘zgartirish uchun endilikda avtomobil, temir yo‘l, daryo, kanallar yoqalari aholi va tadbirkorlarga shartnoma bilan yer toifasi o‘zgartirmasdan bo‘lib berilishi belgilandi.

Yig‘ilishda aholining daraxt ekishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va rag‘batlantirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Bandlik vazirligining Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari bundan buyon mahallalarni o‘ziga yo‘naltirilishi, ular esa bu mablag‘larni daraxt ekish, parvarishlash va tozalik tadbirlariga yo‘naltirishi ta’kidlandi.

O‘rmon xo‘jaligi agentligiga joriy mavsumda har bir mahallaga 200 tadan ko‘chatni bepul yetkazib berish topshirildi. Bundan tashqari har bir viloyat hokimi ham 300 ming dona ko‘chatni mahallalarga tekinga tarqatadi.

Har bir mahalla va tumanda qaysi daraxt yaxshi ko‘karishini odamlarning o‘zi yaxshi bilishi, shu bois ko‘chat turini aholi bilan bamaslahat tanlash kerakligi aytildi.

“Yashil belbog‘” va xususiy obodonlashtirish bo‘limlari

Shavkat Mirziyoyev o‘rmon xo‘jaliklarida 5 mln dona daraxt ekish, chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratish, dala chetlarida 20 mln tup terak, tut va uzum ekish, bog‘cha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 3,5 million dona ko‘chat ekish, Orolning qurigan tubida 100 ming gektarda “yashil qoplama”larni barpo etish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilishda daraxtlar va yashil hududlarni parvarish qilishni yaxshilash maqsadida obodonlashtirish bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu borada hozirda shahar va tumanlardagi obodonlashtirish xizmatini xususiy sektorga berish, har bir ko‘chani daraxtlari bilan alohida-alohida lot qilib, bir yillik mablag‘i bilan ochiq tanlovga qo‘yish taklifi o‘rganilmoqda.

Bu tartibni avvalo tajribadan o‘tkazib ko‘rish, natijasiga qarab barcha tuman va shaharlarni ushbu tizimga o‘tkazish lozimligi qayd etildi.