5-oktabr kuni O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov Braziliyaning AQShdagi elchisi Mariya Viotti bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Mariya Viotti Braziliyada o‘rnatilgan protokol tartib va taomillarga muvofiq hamda O‘zbekiston elchisini akkreditatsiya qilish masalasini tezlashtirish maqsadida ushbu mamlakat tashqi ishlar vazirligi unga ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilish uchun vakolat berganini ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan Braziliyaning AQShdagi diplomatik vakolatxonasida O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) tayinlangani to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston rahbariyatiga Braziliyadagi o‘z vakilini tayinlash to‘g‘risidagi qarori uchun hukumatim nomidan minnatdorlik bildiraman. Bu endilikda ikki tomonlama kun tartibini sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishiga ishonaman”, — dedi Mariya Viotti.

Braziliya elchisi yanvar-avgust oylarida savdo aylanmasi 500 mln dollarga yetganini, O‘zbekiston Braziliyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanganini qayd etdi. Uchrashuv davomida Braziliya hukumati tomonidan Toshkentda elchixona ochish masalasi o‘rganib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ishonch yorlig‘ining asl nusxasini Braziliya prezidenti Luis da Silvaga topshirish uchun O‘zbekiston elichisining ushbu mamlakatga tashrifini 2023-yilning oxiriga qadar uyushtirish bo‘yicha kelishib oldi. Safar davomida yirik ishbilarmonlar doiralari vakillari, savdo palatalari, turli tijoriy uyushmalari va yetuk korxonalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish masalasi birgalikda ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Senat O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga ilgari tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Furqat Sidiqov nomzodini ma’qullagandi. May oyida u AQSh prezident Jo Baydenga ishonch yorliqlarini topshirgan.