9-oktabr kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant HAMAS guruhining harakatlariga javoban G‘azo sektorini “to‘liq blokada” qilish haqida buyruq berdi. “Elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmaydi”, — dedi u. Mamlakat energetika vaziri Israel Kats G‘azo sektoriga suv ta’minotini to‘xtatishni buyurdi. Shuningdek, u hududga elektr energiyasi va yoqilg‘i yetkazib berish ikki kun avval to‘xtatilganini tasdiqladi.

Bir kun avval xabar berganimizdek, Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo sektorida kamida 413 nafar falastinlik halok bo‘lgani va 2300 nafar odam yaralanganini ma’lum qilib, hududdagi elektr energiyasining uzilishi tibbiyot sohasi uchun katta muammo tug‘dirayotganini qayd etgandi. Bu davolanishga muhtoj bo‘lgan yuzlab odamlarning hayotiga tahdid solayotgani ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shanba kuni Isroil G‘azo sektoriga “elektr energiyasi, yoqilg‘i va tovarlar” yetkazib berishni to‘xtatishini e’lon qilganidan beri hududda elektr energiyasi ta’minoti kuniga o‘rtacha sakkiz soatdan to‘rt soatgacha kamaydi.

Isroil havo kuchlari G‘azo sektoridagi Al-Furqon hududiga zarbalar bergani aks etgan videoni e’lon qildi.

“Hudud HAMAS uchun terror uyasi bo‘lib xizmat qiladi va u yerdan Isroilga qarshi ko‘plab harakatlar olib borilmoqda”, — deyiladi Isroil armiyasi postida.

Isroil mudofaa kuchlari mamlakat hududiga Livan bilan chegara orqali shubhali shaxslar o‘tganini ma’lum qildi. Keyinroq esa Livandan Isroil hududiga o‘tgan qurolli odamlar o‘ldirilgani haqida xabar berildi.

Ularning aniq soni noma’lum. Isroil harbiylari hududni tekshirishda davom etayotgani, jangovar vertolyot chegara buzib o‘tilgan hududdagi nishonlarga hujum qilayotgani qo‘shimcha qilingan.

Netanyaxu G‘azo sektoriga berilayotgan zarbalar videosini e’lon qildi. “Biz boshladik. Isroil g‘alaba qozonadi”, — deb yozgan Isroil bosh vaziri.

Beeri kibutsida 100 nafar halok bo‘lgan isroillikning jasadi topildi. Ularni G‘azo sektori bilan chegara yaqinida joylashgan hududda volontyorlar guruhi topgan, deya xabar berdi The Times of Israel Zaka qidiruv-qutqaruv guruhiga tayanib. Nashrning qayd etishicha, qurbonlar soni ortishi mumkin. Hududda jami mingga yaqin odam yashagan.

AQSh prezidenti Jo Bayden HAMASning Isroilga hujumi oqibatida kamida 11 nafar AQSh fuqarosi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Halok bo‘lgan amerikaliklarning ko‘pchiligi Isroilda doimiy yashab kelgan.

Baydenning aytishicha, HAMAS garovga olganlar orasida ham AQSh fuqarolari bor. “Bizda, shuningdek, bedarak yo‘qolganlar orasida ham Amerika fuqarolari borligi haqida ma’lumot mavjud va Isroil rasmiylari bilan ularning qayerdaligi haqida qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida ishlayapmiz”, — deyiladi Oq uy e’lon qilgan bayonotda.

Ramzan Qodirov xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Falastin masalasida hech bo‘lmasa bir marotaba yakdillik bilan adolatli qaror qabul qilishga chaqirdi. Checheniston rahbari Falastinni qo‘llab-quvvatlashini, biroq mintaqadagi urushga qarshi ekanini ta’kidlagan.

“Men musulmon davlatlari yetakchilariga murojaat qilaman — koalitsiya tuzing va unga jangarilarni yo‘q qilish bahonasida tinch aholini bombardimon qilmasliklari uchun siz do‘st deb ataganlarni, Yevropa va butun G‘arbni chaqiring”, — dedi Qodirov.

“Biz Falastinni qo‘llab-quvvatlaymiz va qolgan mojarolardan farqli o‘laroq, kattalashib ketishi mumkin bo‘lgan bu urushga qarshimiz”, — deya ta’kidlagan Checheniston rahbari.

Shuningdek, u Checheniston bo‘linmalari, lozim bo‘lgan taqdirda, mintaqada “tartibni tiklash va har qanday tartibsizlikka qarshi kurashish uchun tinchlikparvar kuchlar sifatida faoliyat yuritishga tayyorligini” qo‘shimcha qilgan.

Halok bo‘lganlar va jabrlanganlar

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 700 nafardan oshdi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining qayd etishicha, ularning 143 nafari bola va 105 nafari ayollar hisoblanadi. 4000 nafarga yaqin falastinlik yaralangan.

Isroilda halok bo‘lganlar soni 900 kishidan oshgan. Yaralanganlar soni esa 2400 nafardan ko‘proqni tashkil etmoqda.

Al Jazeera nashrining yozishicha, Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorlar ko‘payib ketgan kasalxonalarga shoshilinch tibbiy yordam ta’minotini yetkazib berish uchun xavfsiz yo‘lak ochishga chaqirmoqda. Shuningdek, Isroil Xan-Yunis shahrida tez yordam mashinalariga hujum qilgani va Beyt-Xanun shahrining bombardimon qilinishi oqibatida undagi yagona kasalxona ishi to‘xtagani aytilgan.

“Sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini ta’minlashda hali ham elektr energiyasi yetishmasligi kuzatilmoqda. Bu barcha kasal va yaradorlarning hayotini xavf ostida qoldirmoqda”, — deya Falastin rasmiylarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr.