7-oktabr kuni Falastindagi HAMAS guruhi Isroilga qarshi minglab raketalarni uchirdi. Bundan tashqari, ular G‘azo sektori bilan chegaradosh hududlardagi isroilliklar yashovchi aholi punktlariga kirib, tinch aholi vakillari va harbiy xizmatchilarni garovga oldi.

Bunga javoban Isroil G‘azo sektorida HAMAS harbiy obektlari joylashgan ko‘p qavatli binolarga zarbalar berdi. 7-oktabr kuni kechasi Isroil armiyasi G‘azo sektori chegaralariga og‘ir texnikalarini yo‘naltirdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektori aholisidan hududni darhor tark etishni so‘radi. Shuningdek, u urushni “HAMAS boshlaganini, Isroil esa uni tugatishini” ta’kidladi.

Bundan tashqari, Netanyaxu Isroilga “bostirib kirgan” HAMAS a’zolarining aksariyati o‘ldirilganini ma’lum qildi.

8-oktabr kuni Isroil Mudofaa kuchlari vakili Daniel Xagari 24 soat ichida G‘azo sektori bilan chegaradosh shaharlarda yashovchi barcha aholi evakuatsiya qilinishini haqida xabar berdi.

Xagarining Kfar-Aza shahrida janglar davom etayotganini qo‘shimcha qilib, Isroil armiyasi 400 dan ortiq falastinlik harbiylarni yo‘q qilganini, o‘nlab harbiylar hibsga olinganini qayd etdi.

Shu kuni G‘azo sektoriga yaqin bo‘lgan Reim qishloq xo‘jaligi kommunasi 260 kishining jasadi topildi. Mazkur hududda 7-oktabr kuni Nature Party elektron musiqa festivali bo‘lib o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlarda festival ishtirokchilari sahro bo‘ylab qochayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

9-oktabr kungi ma’lumotlar bo‘yicha, Isroilda 700 dan ortiq inson halok bo‘lgan, 2200 nafardan ortiq odam jarohatlangan.

G‘azo sektorida esa, Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 413 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ulardan 78 nafari bolalar ekani aytilmoqda. 2300 nafar odam yaralangan.

Vazirlik qo‘shimcha qilishicha, hududdagi elektr energiyasining uzilishi tibbiyot sohasi uchun katta muammo tug‘dirib, davolanishga muhtoj bo‘lgan yuzlab boshqa odamlarning hayotiga tahdid solmoqda. Ma’lumot o‘rnida, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shanba kuni Isroil G‘azo sektoriga “elektr energiyasi, yoqilg‘i va tovarlar” yetkazib berishni to‘xtatishini e’lon qilgandi. O‘shandan beri hududda elektr energiyasi ta’minoti kuniga o‘rtacha sakkiz soatdan to‘rt soatgacha kamaydi.

Eron HAMASga yordam bergani aytilmoqda

The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib Eron razvedka xizmatlari Isroilga hujum uyushtirishda HAMASga yordam bergani haqida yozdi. Unga ko‘ra, HAMAS va Livanning “Hizbulloh” qurolli guruhi yuqori martabali vakillari Eron razvedka xizmati 2-oktabr kuni Bayrutda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hujum qilish uchun “yashil chiroqni yoqqan”.

Eronning Isroilga hujum uyushtirishga aloqadorligi haqidagi ma’lumotni Yevropa rasmiylaridan biri va Suriya hukumati maslahatchisi ham jurnalistlarga tasdiqlagan. HAMASning yuqori martabali rasmiysi Mahmud Mirdaviy esa guruh hujumni o‘zi rejalashtirganini qayd etgan.

Eron tomoni esa buni rad etdi. Eronning BMTdagi delegatsiyasi e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, mamlakat Falastin o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilmoqda deb hisoblaydi va uni qo‘llab-quvvatmoqda. Biroq XAMASning Isroilga hujum qilishiga yordam bermagan.