O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida Rossiya Federatsiyasining Samarqand shahrida Bosh konsulxonasini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Hujjat 6-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha qabul qilindi.

Rossiyaning Samarqandda Bosh konsulxonasini ochish rejasi haqida o‘tgan yil oxirida xabar berilgan edi.

Davlat rahbarlari Keng ko‘lamli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni qabul qildilar.

Prezidentlar ishtirokida ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida imzolangan jami 10 ta hujjat almashildi.

Imzolangan hujjatlar

  • Temir yo‘l orqali neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha hukumatlar o‘rtasidagi kelishuv;
  • neft yetkazib berish sohasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi hukumatlar o‘rtasidagi kelishuv;
  • Rossiya Federatsiyasining Samarqand shahrida Bosh konsulxonasini ta’sis etish to‘g‘risida hukumatlar o‘rtasida kelishuv;
  • O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda RF Iqtisodiy rivojlanish vazirligi o‘rtasida “Agroekspress” tezyurar temir yo‘l tashishlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Kurchatov instituti” Milliy tadqiqot markazi" federal davlat budjet muassasasi o‘rtasida ilmiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi hamda F Federal bojxona xizmati o‘rtasida vakolatli iqtisodiy operatorning tegishli institutlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim;
  • O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda RF Millatlar masalalari bo‘yicha federal agentligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda RF Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha 2023−2025-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi;
  • Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024−2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Rossiya temir yo‘llari” kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi.

Avvalroq Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi uchinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida ham 10 ta hujjat imzolangan edi.